Davlat xalqdan olganlari evaziga qurib berishi va ta`mirlab berishi kerak bo`lgan ijtimoiy ob`ektlar uchun yana xalqning o`zini sarson qilyapti.
Rost24.uz muxbiri “Open byudjet” loyihasining 2023 yil 17 sentyabrda yakunlangan mavsumi qanday o`tayotganligi bilan qiziqib, mahallasidagi yo`l, maktab uchun poytaxtga ovoz yig`ish maqsadida kelgan odamlar bilan suhbatlashdi.
Poytaxt ko`chalarida ovoz yig`ib yurganlar asosan Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridan kelishgan. Ular orasida ovoz yig`ish uchun 50, 100, 300 mln atrofida mablag` sarflashga ulgurganlari ham bor. Ushbu pullar esa qandaydir boy homiy yoki tadbirkor tarafidan emas, balki aholidan hattoki, pensionerlar nafaqasidan yig`ilgan. Asosiy eng katta homiy esa o`zga yurtlardagi migrantlar bo`lib, ular ham mahallasidagi loyiha g`olib bo`lishi uchun mablag` yubormoqda ekan.
Loyiha doirasida Chilonzor tumani 24-dahasidagi nogironlar maktabini ta`mirlash va jihozlash uchun ovoz yig`ilayotgani bizni ajablantirdi. Vaholanki, har yili minglab maktablar ta`mirlanadi, har o`quv yili oldidan qanchasi zamonaviy jihozlanadi. Nega shular qatorida nogironlar maktabi yo`q, aslida bu ham davlat tomonidan qilib berilishi kerak emasmi?
Open budget'ning o`tgan mavsumi ko`plab muhokamalarga sabab bo`lgan edi. Hatto 100 mln sarflab ham g`olib bo`lmaganlar Rost24.uz saytiga murojaat qilishgan. Ushbu loyiha doirasida o`zgarish bo`lmaydimi, balki mazkur hududda yashovchi aholi soniga qarab loyihalarni tabaqalashtirish kerakdir, mazmunidagi savol bilan murojaat qilganimizda, ular bu taklifni inobatga olishini bildirib, ehtiyojlar cheksiz, resurslar esa cheklangan, deya javob berishgan edi. Bundan tashqari loyihadagi kamchiliklar bu mavsumda bartaraf etiladi, deyilgan edi, ammo hali ham o`zgarish bo`lgani yo`q.
Ma`lumot uchun, o`tgan yili Open budget loyihasida g`olib bo`lgan Ohangaron tumani Telov mahallasidagi ichki yo`llarni 1 so`m evaziga ta`mirlash haqida xabar chiqqan edi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi shu 1 so`mni yo`l ta`miri uchun ajratgan.
Shuningdek, bizga intervyu berganlar orasida bundan 2 yil oldin open budget'da g`olib bo`lgan yo`l yarmigacha ham ta`mirlanmay qolib ketgani aytilgan. Aslida bu kabi ob`ektlar juda ko`p. Mas`ullar esa buni nazorat qilmay, qog`ozdagi chiroyli raqamlarni o`qib berish bilan cheklanib qolmoqda.