15 sentyabr kuni Markaziy bank tomonidan valyuta konvertasiyasini cheklash bo`yicha chiqarilgan qaror 16 sentyabr kuni bekor qilindi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ushbu holatga izoh berarkan, turli noroziliklar kelib chiqishiga qarorning mazmun-mohiyatini to`g`ri etkaza olishmagani sabab bo`lganini ta`kidladi.
Rais o`rinbosari Behzod Hamroevning so`zlariga ko`ra, qarorda tadbirkorlik sub`ektlarining ikkilamchi hisobvaraqlar ochishi cheklanishi ko`zda tutilmagandi.
«Tadbirkorlar bankda xohlagancha hisob ochishlari mumkin. Tijorat banklarida ochilgan ikkilamchi, uchlamchi hisobvaraqalar banklar tomonidan tekshirilmaydi, bizda bu haqda faktlar bor. Xalqaro tranzaksiya banklaridan boshqa bank mijozlarining valyuta operasiyalariga ishonmaslik haqida 3-4 marta xabar keldi. Endi biz banklarga mijozlarni tekshirishi kerakligini aytamiz, lekin baribir biz kutgandek natija bermaydi», — deydi Behzod Hamroev.
Markaziy bankning bunday qarorga kelishiga esa banklarning sanksiyaga tushib qolish xavfini kamaytirmoqchiligi sabab bo`lgan.
«Xorijiy banklar O`zbekistonda mijozlar etarli darajada tekshirilmagani uchun to`lovlarni ma`qullamadi. Bu qarorga kelishga bizni undagan narsa shu. Valyuta ayirboshlash bo`yicha hujjat Bank nazorati qo`mitasining qarori, bu orqali banklarga mijozlarni nazorat qilish va sanksiyaga uchrash xavfini kamaytirish choralarini ko`rish topshirilgan», — deydi Markaziy bank boshqaruv raisi Mamarizo Nurmurodov.