MULOHAZA va TAKLIF
2023 yilda bolalar huquqlarining buzilishi, voyaga etmagan qizlar bilan bog`liq turli noxush holatlar ko`paydi. Afsuski, bunday holatlar hali ham davom etmoqda. Jazo esa muqarrar belgilanmagan.
Bu orada esa, Oliy majlisning bola huquqlari bo`yicha vakili Aliya Yunusova 14 sentyabr kuni o`zining feycbukdagi sahifasida “Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, men bola huquqlari bo`yicha vakil sifatidagi faoliyatimni to`xtatayotganimni ma`lum qilaman”, deya post qoldirdi.
Bu holatga nisbatan Kun.uz jurnalisti Ilyos Safarov “Fikrimcha, Aliya Yunusova bolalar ombudsmani sifatida yaxshi ishlamadi, ishlolmadi. Ayni uning davrida bolalar zo`ravonligi bilan bog`liq sodir qilingan jirkanchli jinoyatlarni hali esdan chiqarganimiz yo`q. Ammo, shularga qaramay, mavjud og`ir vaziyatni his qilolgani, mard bo`lib postni topshirgani uchun Yunusovaning oldida shlyapamni echishga tayyorman. Qani endi, hech narsani eplolmayotgan bo`lsa-da, amal kursisini boshqalarga bermay kelayotgan amalparastlar ham undan o`rnak olsa”, deya fikr bildirgan.
Bu yil har yilgiga nisbatan bolalar huquqlari borasidagi vaziyat og`irlashdi va bunga qaysidir ma`noda, tizimdagi kamchiliklar va nazoratning yo`qligi ham sabab bo`lsa ajab emas.
O`zbekistonda mavjud vaziyatdan kelib chiqib, o`zi boshqarayotgan tizimni eplolmayotganidan faoliyatini yakunlasa, kimlar iste`foga chiqishi mumkin edi?
Ichki ishlar vazirligi tizimda fuqarolar bilan bog`liq o`lim holatlari ko`paygan, ammo vazir hamon sukut saqlamoqda.
Oxirgi yillarda aslida fuqarolar huquqini muhofaza qiluvchi organ - Ichki ishlar organida tergov, qiynoq, kaltaklardan ko`plab fuqarolar jabr ko`rdi, vafot etdi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G`iyosov Chiroqchi tumanida IIB qo`lida vafot etgan fuqaro voqeasi yuzasidan o`tkazilgan brifingda, “IIB binosida odam o`lishi yangilik emas, bu tabiiy holat, oldin ham bo`lgan”, degan fikrni aytib o`tgandi. 2022 yil noyabr oyida esa publisist va bloger Shokir Sharipov O`zbekiston ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov iste`fosini talab qilib, poytaxtdagi Gagarin haykali oldida bir kishilik piket uyushtirgan edi. Shuningdek, bloger ushbu holatga nisbatan “Fuqarolarning IIB binolarida o`layotgani vazirni bezovta qilmayotgani juda yomon signal. Bu signal tagida uzun zanjir yotibdi”, deya aytib o`tgan edi. Bu kabi mavzular jamoat faollari tomonidan ko`p bora va qayta-qayta yozildi. Ammo, ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov bu holatga hech qanday munosabat bildirmagan va haligacha hech nima bo`lmagandek faoliyatini davom ettirmoqda.
Sog`liqni saqlash sobiq vaziri – "Dok-1 Maks" ishi bo`yicha uzr bilan qutilgan edi
Sog`liqni saqlash tizimida “Dok-1 Maks” preparati sabab 65 bola vafot etdi, ammo hali bu tizimdan hech kim iste`fo talabi bilan chiqmadi. Ushbu dori yuzasidan hali ham sud ishi davom etmoqda. Sog`liqni saqlash sobiq vaziri Behzod Musaev “Dok-1 Maks” sabab vafot etganlar Sog`liqni saqlash vazirligidan yashirilganligini aytib, ushbu doriga aloqador barcha javob berishini ta`kidlagan va farzandini yo`qotgan ota-onalardan uzr so`ragan. Shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirining bolalar sog`ligiga bevosita mas`ul va javobgar bo`lgan o`rinbosari Elmira Bositxonova Xalqaro press klubning ushbu sohaga bag`ishlangan sonida gazeta.uz muxbirining “Farzandi vafot etgan ota-onalarga kompensasiya to`lab beriladimi?” mazmunidagi savoliga “Hozirda hamma o`lim holatlari o`rganilmoqda, agar ular hujjat bilan tasdiqlansagina, kompensasiya to`lash bo`yicha yuridik jarayonlar boshlanishi mumkin», deya javob bergan.
Bundan tashqari, O`zbekistonda o`tgan yil qish anomal kelib, energetika inqirozi kuzatildi. Noqulay sharoitlarda, ayniqsa is gazidan o`lim holatlari soni sezilarli darajada ortib ketdi.
Bu borada Energetika vazirligining o`tgan yili bo`lgan muammolarga qay darajada echim topgani esa bu yilgi qishda ma`lum bo`ladi. Balki bu vazirlikda ham o`zgarish qilish vaqti kelgandir.
Ish bor joyda kamchilik bo`ladi, ammo kamchiliklarga ko`z yumish emas, uni bartaraf etish kerak.