Humo Air aviakompaniyasi va O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi O`zbekiston aholisiga qulaylik yaratish maqsadida kuchlarni birlashtirmoqda. Buni aviakompaniya rahbariyati va Transport vazirligi o`rtasida o`tkazilgan ikki tomonlama kelishuvlardan bilish mumkin.
Ikki tomonlama o`tkazilgan muzokarada O`zbekiston aviasiya sanoati va transport infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha hamkorlik va sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda kompaniya havo reyslarini rivojlantirish va fuqarolarimizning ichki qatnovlariga qulaylik yaratishga qaratilgan yangi loyihasini taqdim etdi.
Loyihada Humo Air aviakompaniyasining xizmat ko`rsatish sifati va parvozlar xavfsizligi bo`yicha yuqori standartlar o`rin olgan. Shuningdek, yo`lovchilarga qulay muhit yaratish, arzon narxlar va ishonchli parvozlarga ham alohida e`tibor qaratilgan.
“Humo Air" aviakompaniyasining O`zbekistonda muntazam qatnovlari yo`lga qo`yilishi turizmni rivojlantirish va xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga ham imkoniyat yaratadi.
"Kompaniya barcha toifadagi yo`lovchilar ehtiyojlarini qondirish uchun turli yo`nalish va qulay jadvallarni ham rejalashtirmoqda. Humo Air havo qatnovlarini barcha fuqarolar uchun qulay qilishga intiladi”, – deyiladi aviakompaniya xabarida.
Eslatib o`tamiz, “Humo Air” MChJ 2020 yilda “Maxsus aviasiya ishlari aviakompaniyasi” davlat unitar korxonasi negizida tashkil etilgan. Aviakompaniya ilk muntazam reysini 2021 yilning dekabr oyida Farg`ona – So`x – Farg`ona yo`nalishi bo`yicha amalga oshirgan edi.
2022 yil oxirida “Humo Air” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish uchun Shveysariyaning Valleyroad Capital S.A. kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Xarid summasi esa 27,2 milliard so`mni tashkil etgan edi.