O`lim holatiga olib kelishini bilmaganmiz – sudlanuvchi “Dok-1 Maks” siropi laboratoriya tekshiruvidan o`tkazilmaganini tan oldi
O`zbekistonda 65 nafar bolaning o`limiga sabab bo`lgani aytilayotgan “Dok-1 Maks” siropi davlat ro`yxatidan o`tkazilayotganda laboratoriya tekshiruvidan o`tmagani ma`lum bo`ldi.
Bu haqda 6 sentyabr kuni bo`lib o`tgan sud majlisida so`z olgan sudlanuvchilardan biri ma`lum qildi, deya xabar berdi "Daryo" nashri.
Sudda so`roq qilingan ayol G.S. “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda ro`yxatdan o`tkazish bo`limi boshlig`i sifatida ishlagan.
U “Dok-1 Maks” siropini qayta ro`yxatdan o`tkazish jarayonida siropdan namunalar olingan bo`lsa-da, ular laboratoriyadan o`tkazilmaganini ma`lum qilgan.
"Laboratoriya sinovlari o`tkazilmagan, ro`yxatdan o`tkazish bo`limi yoki men ataylab, yomon niyatda, o`lim holatiga olib kelishini bilib turib, bu narsani qilmaganmiz. Amaliyot bo`lgani uchun qisman aybimga iqrorman. Shu sabab ham mana shu erda to`qqiz oydan beri o`tiribman", — degan sudlanuvchi.
Shuningdek, ayblanuvchi G.S. DUKda 12 yildan beri faoliyat yuritayotgan bo`lsa, faoliyati davomida biror marta ro`yxatdan o`tkazilayotgan doriga laboratoriya sinovlari o`tkazilganini eslolmasligini aytgan.
"Biz laboratoriya sinovlarini o`tkazmaganmiz. Bizdagi amaliyotda bu holat umuman kuzatilmagan. Mana shu xatoyimizni hech kim bizga aytmagan. Adliya vazirligidan, agentlikdan tekshiruvlar kelib-ketgan. Hech qachon hech kim bu holatga e`tiroz qilmagan. Bu haqda tergov jarayonlari boshlangach bildik, hamma shunda bildi", — deydi ro`yxatdan o`tkazilayotgan dorilar laboratoriyadan o`tkazilmaganini tan olgan sudlanuvchi.