Bosh prokuratura matbuot xizmatining Rost24 saytiga bergan ma`lumotiga ko`ra, quyidagi firibgarlik va talon-tarojliklar bo`yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda:
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda «N» MTP rahbari O.A., fuqaro G`.ning ishonchiga kirib, unga tumandagi «T.» chorva fermer xo`jaligiga qarashli 30 sotix sug`oriladigan er maydonini 27 700 AQSh dollariga sotilishini aytib, keyinchalik ushbu er hujjatlarini tanishlari orqali rasmiylashtirib berishga kelishib, oldindan 10 300 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Departament hamda DXXning Gurlan tumani bo`limlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro E.A. ukasining nomiga elektron-onlayn auksionida yutib olingan 5 sotix er maydoniga qo`shib tuman hokimligi zaxirasida bo`lgan 19 sotix ekin er maydonini 50 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, keyinchalik hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 20 000 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Departamentning Shofirkon tuman bo`limi tomonidan viloyat «Suvinspeksiyasi» va Buxoro shahar Obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida Shofirkon tuman markazi ichimlik suvi tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari bo`yicha o`tkazilgan nazorat o`lchovida, «E.» MChJ rahbarlari hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo`shib yozish orqali 254,4 mln. so`m byudjet mablag`larini o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Yunusobod tumani bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro O.A. fuqaro Sh.K.ning ishonchiga kirib, unga Rossiya Federasiyasidan «Koller» nomli turli rang beruvchi bo`yoq mahsulotlarini olib kelib berishini va`da qilib, evaziga 82 500 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritib, shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Departamentning Shahrisabz shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda M.F. va I.Sh.lar firibgarlik yo`li bilan «Abu Ali Ibn Sino» nomidagi jamoat salomatligi texnikumiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 21 nafar fuqaroning 5 000 AQSh dollari va 5,2 mln. so`mini, shuningdek, fuqaro S.ni Qarshi davlat universitetiga o`qishga kiritish va «Toshkent shahridan uy olib beraman», deb aldab, 17 500 AQSh dollarini qo`lga kiritgan.
Departamentning Nukus tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “N.» MChJga hududdan oqib o`tuvchi kanalni qazish va qayta ta`mirlash ishlari bo`yicha tuman qishloq xo`jaligi bo`limi tomonidan jamiyat hisob raqamiga ishlar to`liq bajarilmagan bo`lsa-da 145,3 mln. so`m byudjet mablag`lari o`tkazib berilganligi, ushbu mablag`lar esa talon-toroj qilinganligi, shuningdek tuman hokimligi tanlov komissiyasi bayonnomasiga tanlovda ishtirok etmagan jamiyatlarni tanlovda ishtirok etganligi to`g`risida soxta ma`lumotlar kiritilib, “N.» MChJ tanlov g`olibi etib belgilaganligi aniqlangan.
Departamentning Kegeyli tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tumandagi umumta`lim maktabi binosida «N» MChJ tomonidan amalga oshirilgan joriy ta`mirlash ishlari to`liq bajarilmagan bo`lsa-da, tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan 104,8 mln. so`m byudjet mablag`lari jamiyat hisob raqamiga o`tkazib berilib, ushbu mablag`lar rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.