Mehmonxonalarga “yulduz” toifasini berish uchun talablar belgilandi

04.09.2023 11:05

3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar qurishda investorlarga xarajatlarning bir qismi byudjet hisobidan qoplab beriladi.

Prezidentning 2023 yil 26 apreldagi qarorida mamlakatdagi mehmonxonalar, ulardagi sharoitni xatlovdan o`tkazib, 2023 yil 1 oktyabrga qadar xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda kamida 50 ta mehmonxonaga "to`rt yulduz" va 200 tasiga "uch yulduz" olib berish choralarini ko`rish vazifasi belgilangandi.  

Madaniyat va turizm vazirligining xabar berishicha, mehmonxonalarni baholash bo`yicha amaldagi standart talablari qayta ko`rib chiqilib, yangicha standartlar ishlab chiqildi. 

Yangi standartga kiritilgan talablar Hilton, Hyatt Regency Tashkent, Wyndham Hotels & Resorts mehmonxonalarining biznes vakillari va boshqa vakillar bilan kelishilgan.

Yangi standartlar shu yilning 7 noyabridan amalga joriy etiladi. 

Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan boshlab 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xona, 4 va 5 yulduzli uchun 120 ta xonadan kam bo`lmagan xonalar fondiga ega, besh qavatdan past bo`lmagan mehmonxona 2026 yil 31 dekabrga qadar foydalanishga topshirilgan taqdirda, investorlarning  yangi mehmonxonani qurish (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Bunda 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so`m, 4 va 5 yulduzli mehmonxonadagi har bir xona uchun 65 million so`m miqdoridagi mablag`lar qoplab beriladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар