Surxondaryo viloyat prokuraturasi hokimning maqsadini tushunmadi

01.09.2023 15:22

Viloyat prokuraturasining rasmiy bayonoti: «Jabrlanuvchi asossiz ravishda dars soatlarini kamaytirgan».

Shifoxonaning jonlantirish bo`limida jon talashayotgan jabrlanuvchiga viloyat prokuraturasi “engil tan jarohati olgan” deya munosabat bildirdi.

Kecha, 31 avgust kuni butun O`zbekiston xalqi Mustaqilligimizning 32 yilligini tantanali ravishda kutib olayotgan bir vaqtda Surxondaryoda viloyat hokimiga e`tiroz bildirgan maktab direktori Umida Tursunova o`ladigan darajada kaltaklandi

Jabrlanuvchining singlisi videomurojaat orqali opasini qutqarishni so`ragan. 

«Tez yordam ham, ichki ishlar xodimlari ham juda kechikib keldi. Biz o`zimiz birinchi tibbiy yordamni berib, shifoxonaga olib keldik», — degan u murojaatida.

Voqea ijtimoiy tarmoqlarni qamrab olganidan so`ng Surxondaryo viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot bildirishga majbur bo`ldi.

«Aniqlanishicha, maktab direktori U. T. maktab o`qituvchisi D.K.ning dars soatlarini asossiz ravishda kamaytiriganligi sababli, uning turmush o`rtog`i Y.M. tomonidan urib, engil tan jarohati etkazilgan», — deyiladi Surxondaryo viloyat prokuraturasining bayonotida.

Sariosiyo tuman tibbiyot birlashmasining tashxisiga ko`ra, jabrlanuvchi Umida Tursunovaga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, boshning peshona tepa ensa sohasi ko`plab ezilib yirtilgan jarohatlari, ikkala ko`z yuqori va pastki qovoqlarga qontalashish diagnozi qo`yilgan.

Voqeadan bexabar viloyat prokuraturasining rasmiy bayonotida mana shu etkazilgan jarohatlar “engil tan jarohati” deya tasniflangan.

Bayonotdan “asossiz ravishda” deya jabrlanuvchining o`zini aybdor qilish uchun harakat qilganligini ham anglash qiyin emas. Viloyat prokuraturasining voqeadan bexabar deyishimizga yana bir sabab shuki, ikkinchi taraf sifatida jabrlanuvchini hatto, tinglab ham ko`rmagan. Vaholanki, tinglab ko`rishning ham imkoni yo`q edi. Jabrlanuvchi bu vaqtda shifoxonaning jonlantirish bo`limida yashab qolish uchun jon talashayotgan edi.

Prokuratura bayonotida o`qituvchining dars soatlari asossiz ravishda kamaytirilganligi sababli, uning turmush o`rtog`i tomonidan kaltaklanganligi aytiladi. Prokuraturaning bu jumlalaridan esa “samosud” jarayoni ham oqlangandek ko`rinmoqda.

Qisqasi, Surxondaryo viloyat prokuraturasining rasmiy bayonotidan jabrlanuvchining nima sababdan kaltaklangani emas, aksincha kaltaklanishga arzirli ayb qidirilgani va shunga alohida urg`u berilganini anglash mumkin.

Vaziyatni to`g`ri anglab etgan Surxondaryo viloyat hokimi Ulug`bek Qosimov ijtimoiy tarmoqlardagi mish-mishlar xolis baholanishi uchun darhol Sariosiyo tumani tomon yo`lga chiqqan. U shu kunni o`zida Sariosiyo tuman tibbiyot birlashmasiga etib borib jabrlanuvchining davolanishini o`z nazoratiga olgan.

Viloyat prokuraturasi ham hokimning pozisiyasini kech bo`lsa-da anglab etib, rasmiy bayonotida aybdorning qilmishlarini engillashtiruvchi tan jarohatiga qo`shilgan “engil” so`zini o`chirib tashladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
11
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар