Tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo`layotgan mazkur holatga Sudyalar oliy kengashi munosabat bildirdi.
Avvalroq, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabiga kirish imtihonlari natijasi e`lon qilingandi. Natijalarga ko`ra, kirish sinovlarining insho bosqichida ayrim talabgorlar “0” (nol) ball olgan.
Sudyalar oliy kengashining tushuntirishicha, ular ko`pchilik urg`u berayotganidek, sudyalikka nomzod emas, balki talabgorlardir.
Ya`ni, talabgorning “sudyalikka nomzod” bo`lishi uchun:
1. Kirish sinovlaridan muvaffaqiyatli o`tib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursi tinglovchisi bo`lishi;
2. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursini muvaffaqiyatli bitirishi shart (tahsil davomiyligi 1 yil).
Shu bosqichlardan o`tgan mutaxassisgina, “sudyalikka nomzod” bo`lishi mumkin. Biroq shunda ham sudyalik lavozimi kafolatlanmaydi.
«Baxtga qarshi, kirish sinovlarining ayni shu bosqichida 8 nafar talabgorga (ularning bir nafari insho daftarini topshirmay, o`zi bilan olib ketgan), joriy tartiblarga rioya qilmagani uchun, “0” ball qo`yildi. Alqissa, mazkur ball ularning bilim-salohiyatini aks ettirmaydi, balki tartib-qoidalarga rioya etilmaganining achchiq hosilasi, xolos», — deyiladi xabarda.