Asakabankdan mablag` jalb etilgani bo`yicha bizda ma`lumot yo`q – Rasmiy

22.08.2023 20:18

O`zbekiston Milliy matbuot markazida “Dori-Darmon” AKning aholini zarur dori vositalari bilan ta`minlash borasida ko`rayotgan chora-tadbirlari” mavzusida matbuot anjumani bo`ldi. Unda “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining mutasaddilari ishtirok etdi.

Farmasevtika bugungi kundagi dolzarb sohalardan biri bo`lib qolgani bois ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzularidan biri bo`lib turibdi. Ayniqsa "Dok-1 Maks" bilan bog`liq holatlardan keyin bu tizim jamoatchilik e`tibor markazida bo`lib qolmoqda.

Joriy yil 18 aprel kuni Shavkat Mirziyoev suv xo`jaligi va farmasevtika sohasini rivojlantirish bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Mazkur yig`ilishda ham farmasevtika sohasidagi kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo`yicha echimlar berildi. Shuningdek, yig`ilishda farmasevtika sohasini rivojlantirish va tadbirkorlarga engillik berish maqsadida Asakabank sohaga investor sifatida jalb qilinishi ham aytilgan edi.

Prezidentimizning mazkur topshirig`i asosida Asakabank farmasevtika rivoji uchun qancha mablag` ajratganini ochiqlash uchun farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligiga Rost24.uz tomonidan savol yo`llangan. Ammo savolimiz 15 kundan buyon javobsiz qolayotgan edi.

"Dori-Darmon" AK mutasaddilari ishtirokida o`tkazilgan matbuot anjumanida bugungi kungacha Asakabank tomonidan farmasevtika rivoji uchun qancha mablag` ajratilgani so`raldi.         
                                                    
Mazkur savolga  "Dori-Darmon" AK boshqaruv raisi o`rinbosari  Abdug`ani Komilov quyidagicha javob berdi:

Abdug`ani Komilov
 "Dori-Darmon" AK boshqaruv raisi o`rinbosari 

"Asakabank tomonidan farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish bo`yicha kreditlar ajratilishi belgilangan edi. Bu ko`proq ishlab chiqarishni qo`llab-quvvatlash maqsadida qilingan. Biz ham shu bank xodimlari bilan rahbariyatimiz ishtirokida uchrashdik, unda kreditlar masalasini muhokama qildik. Kreditlar ko`proq ishlab chiqarish qismiga yo`naltirgani uchun kompaniya tomonidan Prezident qarori doirasida Asakabankdan mablag`lar jalb etilmagan. Ishlab chiqaruvchilar bo`yicha esa bizda ma`lumot yo`q", – dedi A.Komilov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар