G`alabalar uchun iqtidorlar ko`p, faqat ozgina sharoit zarur

21.08.2023 08:07

Bu yurtdan ko`plab chempionlar chiqishi mumkin, agar to`sqinliklar bo`lmasa.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog` tumanidagi Shar-shar mahallasi bolalari o`zlarining ulovlarida sevimli mashg`uloti tomon oshiqishadi.

Mahalla bolalari har kuni ish boshlagan Taekvonda to`garagi tomon yugurishadi.

Yosh murabbiy Ochil Ro`ziev 5 oy oldin O`zining mahallasidan sportga ishtiyoqi baland yoshlardan chempionlar tayyorlash niyatida ish boshlagan edi. Boshida ko`plab qiyinchiliklarga duch keldi. Ota-onalar qarshiligi va moddiy etishmovchiliklardan sabr va matonat bilan o`tdi.

Murabbiy shogirdlari bilan mahalla binosining qarovsiz bir xonasini ta`mirlab, bir amallab chidasa bo`ladigan epaqaga keltirishdi. Biroz shu ixchamgina xonada shug`ullanishni boshlashganida to`garakka qiziquvchi yoshlar safi yana kengaya boshladi.

Murabbiy ham mashg`ulot zalini kengaytirish uchun mahallaning boshqa bir kattaroq xaroba xonasini ta`mirlab yana ish boshladi.

Yuqori arenalarda chempion bo`lish orzusi bilan ter to`kayotgan yoshlar o`zlari o`zlariga sharoit yaratgan holda olg`a intilishmoqda.

Sportga chanqoq yoshlarning bu intilishlari besamar ketayotgani yo`q. Shug`ullanishni boshlaganiga endigina 5 oy bo`lgan bolalar eng zamonaviy va barcha qulayliklarga ega sport zallarida shug`ullangan sportchilardan g`oliblikni tortib olishni boshlashdi.

Eng asosiysi, bu yoshlarda taekvondo bilan shug`ullanishlari uchun qulay sharoit bo`lmasada qiziqish va intilish bor, maqsadi aniq, niyati xolis murabbiyi bor.

Shu vaqtgacha faqat ko`cha changitib yurgan Yakkabog` tumanidagi Shar-shar mahallasining yoshlari endi oldilariga buyuk maqsadlarni qo`yishdi. Ular jaxon arenalarida o`z qo`llari bilan yurt bayrog`ini ko`tarishni maqsad qilishgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар