Bugun, 11 avgust, soat 11:00 dan boshlab O`zbekistondagi tijorat banklarida AQSh dollarining sotuv kursi 12135 so`mgacha etdi.
Markaziy bank buni asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi bilan bog`lab, ichki valyuta bozoridagi holatni izohlashga harakat qildi.
«Asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul o`tkazmalari kanali orqali so`mning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib keldi.
Bu, o`z navbatida, eksport va pul o`tkazmalari tushumlari kanallari orqali mamlakatimizga valyuta tushumlariga va ichki valyuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy ta`sir ko`rsatdi.
Natijada, ichki valyuta bozorida so`m almashuv kursi devalvasiyasi sur`atining biroz tezlashishi – fundamental omillar ta`sirida to`g`rilanishi kuzatildi.
Markaziy bank kelgusida almashuv kursining keskin qadrsizlanishini oldini olish bo`yicha etarli instrumentlarga ega bo`lib, zarur hollarda qo`shimcha intervensiyalar amalga oshirish orqali tebranishlar yumshatib boriladi.
Mazkur to`g`rilanish real samarali almashuv kursning uzoq muddatli trendiga qaytishiga olib keladi va muvozanatli kurs valyuta tushumlarini oshirish orqali bozorda taklif o`sishiga xizmat qiladi. Real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va o`rta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror bo`ladi», deyiladi Markaziy bank xabarida.