Suv xo`jaligi vazirligi 8 avgust kuni Milliy matbuot markazida sahnalashtirilgan matbuot anjumani o`tkazib, jamoatchilik uchun yopiqligini yana bir bor isbotladi.
Ushbu matbuot anjumani uchun bir martalik yangi qonun joriy qilinib, 40 daqiqa chegaralangan vaqt ajratildi.
Matbuot anjumanining mavzusi ekinlarni tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy etish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag`ishlandi.
Mavzu nomidan ham ushbu tadbirning qanchalik jiddiy ekanligi ko`rinib turibdi. Ammo, muhim mavzudagi matbuot anjumani mendan ketguncha, egasiga etguncha tarzida, faqat hisobot uchun o`tkazildi.
Ssenariy kayfiyatiga ko`ra, matbuot anjumani majburan o`tkazilayotgani yaqqol ko`rinib turardi.
Ya`ni, belgilangan qimmatli 40 daqiqada ko`plab jurnalistlar qatori Rost24.uz'ga ham savol berish uchun navbat etmadi. Tadbirdan so`ng savolimizga mutaxassisdan javob olishga harakat qildik, ammo doimgidek savol bog`dan kelsa, javob tog`dan keldi.
Suv xo`jaligi vazirligi bosh mutaxassisi Davronbek Xidirboev “Tomchilatib sug`orish bilan er sho`rini yuvib bo`lmaydi, lekin bizda asosan sho`r erlarda ham ekinlar ekiladi. Misol uchun, Sirdaryo viloyatida. Xorazm viloyatida ham suv ko`p talab etiladigan sholi maydonlari bor. Bu ikki viloyatda tomchilatib sug`orish tizimiga o`tilganda qishloq xo`jaligi hosildorligida unumdorlik tushib ketmaydimi?" mazmunidagi savolimizga quyidagicha javob berdi:
— Aslida sho`rlanish suv miqdorini oshishidan kelib chiqadi. Bu tajriba esa sho`r erlar uchun ham qulay. Bundan tashqari bu tajriba orqali ekin maydonlari ham begona o`tlardan tozalanadi. Begona o`tlarning hammasi suv orqali keladi», — dedi u.
Shu paytgacha jurnalistlar va jamoatchilik uchun yopiq bo`lgan tashkilotlar o`tkazgan matbuot anjumanida ham savol berishga imkon bo`lgan.
Ammo suv xo`jaligi vazirligining matbuot anjumanida berilgan ikkita savol ham oldindan kelishilgandek tuyuldi. Chunki unga javob sifatida berilgan uzundan-uzun hisobotlar ma`lumot olish uchun kelgan holis jurnalistlarning savol berishiga ham imkon qoldirmadi.
Xulosa shuki, Suv xo`jaligi vazirligining 8 avgust kuni sahnalashtirilgan holda o`tkazgan matbuot anjumani brifing tarzida o`tgandek taassurot qoldirdi.