O`zbekistonda har 4 liftning bittasi talabga javob bermaydi — rasmiy

04.08.2023 18:05

Tog`-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig`i o`rinbosari Baxtiyor Xolmatov senatning navbatdagi yalpi majlisida respublika bo`yicha ro`yxatdan o`tkazilgan 8857 ta liftning 2422 tasi talabga javob bermasligini ma`lum qildi. Bu O`zbekistondagi har to`rtinchi lift xavfli degani.  

«Respublikada qurilayotgan ko`p qavatli uylar bormi, inshootlar bormi, qabul qilish komissiyasida bizning mutaxassislar ishtirok etayotgani yo`q. Biz bu masalani bir necha marotaba Adliya vazirligiga ham kiritganmiz. Lekin hali echimini topmagan. Respublikada 8857 ta lift bizda ro`yxatdan o`tgan bo`lsa, shundan 2422 ta lift talabga javob bermaydi», — deya ma`lum qilgan inspeksiya boshlig`i o`rinbosari Baxtiyor Xolmatov. 

Nega inspeksiya mutaxassislari qabul qilish komissiyasida ishtirok etolmayapti?

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mita raisi Qutbiddin Burhonovning aytishicha, amaldagi tartibga muvofiq, ko`p xonadonli uylarda o`rnatilgan liftlarning texnik holatini nazorat qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog`liq funksiyalar amalda ikkita davlat organi – Tog`-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Ko`p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Ammo bu ikki tuzilma ham o`z vazifalarini to`laqonli bajara olish imkoniyatiga ega emas.

«Misol uchun, yangi qurilgan ko`p xonadonli uy-joylarni davlat hay`ati qabul qilish komissiyasi tarkibiga inspeksiya kiritilmagan. Oqibatda lift qurilmalari mutaxassislarning tegishli xulosasisiz, ya`ni belgilangan tartibda davlat ro`yxatiga olinmasdan hamda xavfsizlik tomonidan ko`rikdan o`tkazilmagan tarzda foydalanishga topshirilmoqda. Jumladan, mamlakatimizdagi yangi qurilgan ko`p xonadonli uylardagi qariyb 400 ga yaqin lift uskunalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmasdan foydalanib kelinmoqda», — deya ta`kidlagan Qutbiddin Burhonov.

«Mamlakatdagi jami 4 mingdan ziyod ko`p qavatli uylarda qariyb 11 mingdan ortiq lift bor. Tegishli me`yoriy texnik hujjatlar talabiga muvofiq ular har oyda texnik ko`rikdan va 12 oyda bir marta to`liq texnik sinovdan o`tkazilishi zarur. Holbuki, har ikkala inspeksiyaning ana shu birgina vazifani amalga oshirish uchun ham moddiy-texnik, tashkiliy va boshqa imkoniyati yo`q», — degan Qutbiddin Burhonov.

Burhonovning qo`shimcha qilishicha, Hukumat qaroriga asosan 2021-2023 yillar oralig`ida jami 1685 ta lift ta`mirlanishi va yangisiga almashtirilishi rejalashtirilgan. 2023 yilning 1 iyul holatiga ko`ra, 1222 ta lift ta`mirlangan va yangisiga almashtirilgan. Qolgan 463 ta liftni belgilangan muddatda ta`mirlash yoki almashtirish esa 2020 yildagi va bugungi kundagi narxlar orasidagi farq sababli shubha ostida qolmoqda.

Foto: Sputnik / Vladimir Fedorenko.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар