AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, agar Ukraina donini xavfsiz eksport qilish bo`yicha kelishuv qayta tiklansa, Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini erkin eksport qilishini ta`minlash uchun Qo`shma Shtatlar “kerak bo`lgan hamma narsani” qiladi.
Ushbu Qora dengiz bo`yicha kelishuv o`tgan yilning iyul oyida BMT va Turkiya vositachiligida Rossiya-Ukraina urushi natijasida kuchaygan global oziq-ovqat inqiroziga qarshi tuzilgan edi.
«Shartnoma qayta tiklansa, albatta, biz har bir davlat, jumladan Rossiya ham o`z oziq-ovqat mahsulotlarini erkin va xavfsiz eksport qilishi uchun zarur bo`lgan barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», — dedi Blinken jurnalistlarga bergan intervyusida. «Biz o`sha oziq-ovqatni jahon bozorlarida ko`rishni istaymiz. Narxlarning arzonligidan hamma manfaatdor bo`lishini xohlaymiz», — dedi u.
Ko`plab davlatlar Rossiya kelishuvdan chiqqanidan hafsalasi pir bo`lganini bildirgan va buni qayta ko`rib chiqishga chaqirgan.
Rossiyani Qora dengiz kelishuviga rozi bo`lishga ko`ndirish uchun 2022 yil iyul oyida yana bir pakt tuzildi. Unda BMT rasmiylari Rossiyaga oziq-ovqat va o`g`itni tashqi bozorlarga olib chiqishda yordam berishiga kelishib olingan edi.
Rossiyaning oziq-ovqat va o`g`it eksporti G`arb joriy etgan sanksiyalarga bog`liq emas. Biroq, Moskva logistika va sug`urtaga qo`yilgan cheklovlar yuk tashishga to`sqinlik qilayotganini ta`kidlamoqda.
Kecha bo`lgan Xavfsizlik Kengashining yig`ilishida Rossiyaning BMTdagi vakili Dmitriy Polyanskiy G`arb davlatlarini BMTning Moskva bilan kelishuvini bajarmayotganlikda aybladi.
Uning ta`kidlashicha, Rossiya jahon bug`doy bozorida Ukrainaga qaraganda ko`proq ulushga ega va asosiy o`g`it eksportchisi hisoblanadi.
«G`arb davlatlari Rossiyaning don va o`g`itlari muhtoj mamlakatlarga to`siqlarsiz etib borishini ta`minlashi kerak», — dedi Polyanskiy.