Finlandiya ta`lim tizimiga yangi o`quv yilidan o`tiladi, ustozlar bunga tayyormi?
O`zbekistonda ta`lim metodikasi va tizimi tez-tez almashtirib turiladi. Bundan avval respublika boshqa mamlakatlarning ta`lim tajribasini birdaniga va tayyorgarliksiz joriy qilganiga guvoh bo`lganmiz. Yaqinda Finlandiya metodikasi O`zbekistonda joriy qilinishi haqida xabarlar tarqalgandi.
Ushbu ta`lim tizimiga qachondan o`tiladi va Finlandiya ta`lim tizimi qanday ekani haqida o`qituvchilarda tushuncha hosil qilmay turib birdaniga joriy qilib yuborilmaydimi?
Rost24.uz sayti ushbu savolga Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi rahbariyatidan javob oldi.
— Finlandiya ta`lim tizimi termini qaysidir ma`noda to`liq emas, buni ta`lim berish muhiti va tajribasi desak to`g`ri bo`ladi va uni bitta davlat bilan bog`lay olmaymiz. Gap agar bolaga ma`lum bir ko`nikma beradigan metodika va darsliklar haqida ketayotgan bo`lsa, ular yangi o`quv yilidan 1-4-sinflarda joriy qilinadi. Darsliklar fin metodlari asosida mahalliy mualliflar tomonidan ishlab chiqilgan va Finlandiyada ekspertizadan o`tgan. O`qituvchilarning tayyorgarligiga kelsak, avgust oyining o`rtalarida ustozlarga yangi metodikani o`rgatish bo`yicha trenerlar tayyorlanadi va ular o`quv yilining boshida hamda o`quv yili davomida hududlarda o`qituvchilarga ushbu metodikani o`rgatib boradi», — deya javob berdi Maktabgacha va maktab ta`limi vazirining birinchi o`rinbosari Usmon Sharifxo`jaev.