Suvga ajratilgan mablag`lar suvga oqib ketyaptimi?

05.02.2021 08:14

Bugungi kunda O`zbekiston aholisining qancha foizi toza ichimlik suvi bilan ta`minlangan?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova respublika aholisining bor-yo`g`i 50 foizigina toza ichimlik suvi bilan ta`minlanganini afsus bilan tilga olgan edi.

Uning so`zlariga ko`ra, bu ko`rsatkich 70 foizga etmaydi. Ba`zi qishloqlarga quvurlar etib borgan bo`lishi mumkin, ammo unda suv yo`q. Prezidentining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida aholining tozi ichimlik suvi bilan ta`minlanishi darajasi 73 foizga etgani aytildi.

Biroq, yaqinda o`tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yig`ilishda Maqsuda Vorisova bu ko`rsatkich haqiqatdan uzoqligini aytib o`tdi.

Quyida yillar kesimida rasmiy ommaviy axborot vositalarida e`lon qilingan aholining toza ichimlik suvi bilan ta`minlanish darajasiga oid foiz ko`rsatkichlari va mablag`larni keltiramiz.

2017 yilda e`lon qilingan ma`lumotda O`zbekiston aholisining 70 foizi toza ichimlik suvi bilan ta`minlangani ma`lum qilingan.

2019 yil 5 sentyabr kuni o`tkazilgan aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash bo`yicha ustuvor vazifalariga bag`ishlangan yig`ilishda aholining 68 foizigina toza ichimlik suvi bilan ta`minlangani aytilgan.

Xuddi shu yig`ilishda 2018-2019 yillarda ichimlik suvi va kanalizasiya tizimini yaxshilashga 2 trillion 400 milliard so`m mablag` ajratilgani qayd qilingan. Bu avvalgi 10 yilda ajratilgan jami mablag`dan 2 baravar ko`p.

2020 yilda markazlashgan ichimlik suv ta`minotini yaxshilash uchun 3 trillion so`m sarflangan. Bu esa 2016 yilga nisbatan 5 barobar ko`p. Aynan shu yili Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida aholining toza ichimlik suvi bilan ta`minlanishi darajasi 73 foizga etgani aytilgan.

Biroq, deputat Maqsuda Vorisovaga ishonilsa, hattoki 70 foiz sifatida yuqoriga berilgan ma`lumot ancha haqiqatdan yiroq. Aslida aholining 50 foizigina toza ichimlik bilan ta`minlanganiga ishonish mumkin. Mazkur soha mutaxassislarining ma`lumotlari hukumat tomonidan aytilgan ko`rsatkichlardan yanayam farq qiladi.

2019 yil Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti direktori Botir Abdullaevning bergan ma`lumotiga ko`ra, O`zbekiston aholisining bor yo`g`i-30 foizdan ortig`i toza ichimlik suvi bilan ta`minlangan.

Oddiy savol tug`iladi: nega yil sayin suvga sarflangan mablag` ortib borsa-da, aholining suv bilan ta`minlanish darajasi oshayotgani yo`q?

Hattoki poytaxt yaqinidagi aksariyat qishloqlarda ham hamon toza ichimlik suvi muammoligicha qolmoqda. Ajratilayotgan 2-3 trillion mablag`lar go`yoki suvga oqizib yuborilayotgandek.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
05.02.2021 19:22
Қонун ишламаса шунақа бўлади.
05.02.2021 14:06
Молодец