Yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 64-moddasida fuqarolar harbiy xizmatni o`tashga majbur ekani belgilangan:
“O`zbekiston Respublikasini himoya qilish O`zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o`tashga majburdirlar.”
Biroq 2003 yil 22 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qonuniga ko`ra, 1 oylik harbiy xizmatni o`tash uchun yigitlar BHMning 20 baravari - 6 600 000 so`m miqdorida badal puli to`lashi kerak.
Fuqarolarning Vatan oldida konstitusiyaviy burchini ado etishi uchun badal puli olish qanchalik adolatli?
"Rost24.uz" sayti muxbirining mazkur savoliga Mudofaa vazirligining Tashkiliy safarbarlik bosh boshqarmasi boshlig`i, podpolkovnik Husniddin Saidov quyidagicha javob berdi:
"Bunday tizim aholi sonidan kelib chiqib joriy qilingan. Bir yillik harbiy xizmatga chaqiriladigan aholi soni chegaralangan. Ma`lumki, O`zbekiston aholisi ko`pchilikni tashkil qiladi, biz esa iloji boricha ko`proq yoshlarni harbiy xizmatga jalb qilishni istaymiz. 27 yoshgacha bo`lgan yoshlar 1 yillik harbiy xizmat o`rniga bir oylik harbiy xizmatga ma`lum miqdordagi badal pulini to`lab borib kelsa bo`ladi. Bu odamlarning o`ziga ham qulaylik yaratadi. Gap bir parcha qog`oz yoki harbiy guvohnomada emas, Vatan tinchligi haqida boryapdi. Yoshlarning xizmati va ular to`laydigan pulning hammasi O`zbekistonning mudofaa salohiyatini oshirishga yo`naltiriladi. Badal puli bilan bog`liq masala esa yildan yilga takomillashtirib borilyapti. Misol uchun, 2018 yildan boshlab pul miqdori BHMning 27, 25 va mana 20 barobari miqdoriga tushirildi",- deya javob berdi podpolkovnik H.Saidov.