BMTning Ta`lim, fan va madaniyat bo`yicha tashkiloti – YuNESKO hisobotida bolalar ruhiyatini himoya qilish va umumiy o`quv faoliyatini yaxshilash maqsadida butun dunyo maktablarida telefonlardan foydalanishni taqiqlashga chaqiriladi, deb yozadi The Guardian.
Tashkilotga ko`ra, mobil telefonlardan ko`p foydalanish bolalarning ruhiyatiga yomon ta`sir qilib, baholarning tushib ketishiga olib kelar ekan.
YuNESKO “hamma o`zgarishlar taraqqiyotni anglatmasligini, biror narsa qilish mumkinligi, uni qilish kerak degani emasligini” eslatgan holda, siyosatchilarni raqamli texnologiyalarni o`ylamay qo`llashdan ogohlantirmoqda.
«Raqamli inqilob katta salohiyatga ega, ammo jamiyatda uni qanday tartibga solish kerakligi haqidagi ogohlantirishlarda aytilganidek, ta`limda ham undan foydalanish usullariga xuddi shunday e`tibor berilishi kerak», — dedi YuNESKO bosh direktori Odri Azule.
Hisobotda aytilishicha, talabalarning texnologiyalardan ortiqcha yoki noo`rin foydalanishi ularni chalg`itishi, xalaqit berishi va o`qishiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.
Ko`pgina mamlakatlar raqamli texnologiyalar haqida gap ketganda, "o`quvchilarni birinchi o`ringa qo`yish muhimligini anglashmoqda". Jumladan, Xitoy raqamli qurilmalardan o`qitish vositasi sifatida foydalanish chegaralarini belgilab qo`ygan va bu barcha o`qitish vaqtining 30 foizigacha qismini tashkil qiladi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, pandemiya davrida butun dunyo bo`ylab bir milliarddan ortiq talaba onlayn ta`limga o`tgan, ammo internetga kirish imkoniga ega bo`lmagan millionlab kambag`al talabalar chetda qolgan.
Dunyo bo`ylab 200 ta ta`lim tizimini tahlil qilgan holda, YuNESKO har to`rtta davlatdan biri qonun yoki yo`riqnoma orqali maktabda smartfonlarni taqiqlashini keltirib o`tgan. Misol uchun, buni 2018 yilda o`z siyosatiga kiritgan Fransiya va 2024 yildan boshlab cheklovlarni yo`lga qo`yadigan Niderlandiya shu qatorda.
Yaqinda Niderlandiya ta`lim vaziri Robert Deykgraaf ushbu taqiqni e`lon qilib, shunday dedi:
"Talabalar diqqatlarini jamlay olishlari va yaxshi o`qishlari uchun imkoniyat berilishi kerak. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, mobil telefonlar bezovtalikdir. Biz talabalarni bundan himoya qilishimiz kerak», — dedi u.
Qayd etilishicha, ba`zi rasmiylar maktab binolarida mobil telefonlarni butunlay taqiqlash ba`zi amaliy tashvishlarni keltirib chiqarishini aytadi (Masalan, ota-onalar maktab va uy o`rtasida farzandlari bilan bog`lanishi uchun). Ammo, bunga qarshi ravishda smartfonlardan keng foydalanish ijtimoiy muammo bo`lib, bundan kelib chiqadigan muammolar ko`proq maktab darvozasidan tashqarida sodir bo`lishini ta`kidlashadi.15:15