Mahalla raisi mahalla uchun ajratilgan asfaltni o`zining ko`chasiga ishlatib yubordi

25.07.2023 10:56

Joriy yilning fevral-aprel oylarida o`tkazilgan Tashabbusli byudjet (“Open byudjet”) jarayonida Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi Muxtorov Abduvali G`ofur o`g`li tomonidan kiritilgan “Quyi Mo`minobod” mahalla fuqarolar yig`ini ichki yo`llarini asfalt qilish bo`yicha loyiha g`olib deb topilgan. (ID: 00151348008) 

Ushbu loyihada Mo`minobod MFYning ichki yo`llarini, xususan, mahalla markazidan Xo`jabtol qishlog`igacha, mahalla masjidi oldidan poliklinikagacha hamda suv omborigacha bo`lgan 7 km lik yo`lni asfalt qilish kiritilgan ekan.

Biroq, fuqarolardan tahririyatga kelgan shikoyatga ko`ra, mazkur mahalla raisi Bahodir Maxammatov o`zining doimiy yashaydigan xonadoni tomondagi ko`chalarni ham asfalt qildirish uchun yuqoridagi g`olib tashabbusda nazarda tutilmagan 300 metr ko`chani loyiha-smeta hujjatlariga qo`shtirib yuborgan ekan.

“Ushbu loyiha-smeta hujjatlari bilan tanishtirilmadim, imzolarim soxtalashtirilgan. Ishlar aynan raisning uyi tomondagi yo`lni asfalt qilishdan boshlangan va qisqa fursatlarda asfalt qilib tugatilgan”, – dedi tashabbuskor Abduvali Muxtorov.

Bu holatdan xabar topgan mahalladagi faol fuqarolar va tashabbuskorning o`zi ham joriy yil 12 iyun kuni tuman hokimligi, tuman prokuraturasi hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali Ichki ishlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Urgut tuman boshqarmasiga shikoyat qilishgan, biroq hanuzgacha natija hech kimga ma`lum emas ekan.

Murojaat qilingan davlat idoralari ham 1,5 oydan buyon sukut saqlayotgani fuqarolarni yanada xavotirga solmoqda. 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар