Ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari agentligi tizimidagi prezident maktablariga 2023-2024 o`quv yili uchun 56 745 ta hujjat qabul qilingan. Ushbu qabul qilingan hujjatlar bo`yicha bitta o`ringa 169 ta hujjat to`g`ri keladi. Bitta prezident maktabiga esa umumiy 168 ta o`quvchi qabul qilinadi.
Bu holat va imtihonlarda savollarning takrorlanishi, darajadan yuqori savollar berilgani ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab muhokamalarga sabab bo`ldi. Shunda bir o`ringa 169 ta o`quvchi bo`lsa, qolgan 168 ta o`quvchining imkoniyati yo`qoladi. Qabul kvotalarini ko`paytirish bo`yicha qandaydir reja bormi?
Bundan tashqari prezident maktablari imtihonining birinchi bosqichida matematika fanidan 4-sinflarga darajasidan yuqori kasrlar mavzusidan savollar tushgan. Bu 4-sinf o`quvchisi uchun qiyin. Chunki kasrlar mavzusi 5-sinfda o`tiladi. Bu bo`yicha muhokamalardan so`ng o`rganish yoki tekshirish olib borildimi?
Rost24.uz sayti muxbirining ushbu savoliga Ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiev “Prezident maktablari respublika hududining har birida bittadan bor. Ikkita parallel sinfga 12 tadan 24 ta bola qabul qilinadi. Bitta prezident maktabida 168 tagina bola o`qiydi. Lekin agar prezident maktabiga kira olmasa, tizimdagi boshqa ijod maktablari ham mavjud, bu maktablar ham prezident maktablari sistemasida o`qitiladi. Talabgorlar u erga ham hujjat topshirib o`qishi mumkin bo`ladi”, deya javob berdi.
Shuningdek, imtihonda darajasidan yuqori savollar berilgani bo`yicha Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Iroda Isabaeva “muhokamalardan so`ng testlarni darslik va mavzularga bog`lab o`rganilganligini, 4-sinf darsligida berilgan masalalarga monand bo`lgan topshiriqlar mavjudligini, aslini olganda 2-3 sinf standartlari bilan bog`langani, ular bilan to`liq to`g`ri kelishini, 4-sinfning kasrlari test bilan mos tushishini" aytib o`tdi.
Bundan tashqari, agentlik direktori Alisher Ubbiev Cambridge University Press&Assessment xalqaro ta`lim tashkiloti bilan 4 yildan buyon hamkorlikda ishlanishini, O`zbekistondagi dastur, standart, darsliklar ularga tarjima qilingan tarzda yuborilgani va ushbu tashkilot mutaxassislari tomonidan testlar tuzilishini, 4 yillik tajriba davomida 4-sinfdan yuqori savollar berilmaganini alohida ta`kidlab o`tdi.
“Prezident maktablariga tayyorlaymiz” degan e`lonlar bugun ko`payib ketgan. Prezident maktablari imtihonining savollari har qancha oson deyilmasin, umumta`lim maktablarida o`qigan o`quvchilar uchun qiyinlik qiladi. Qiyin bo`lmaganda tepadagi kabi e`lonning xaridorlari ko`p bo`lmas edi.
Bundan tashqari, bir o`ringa 169 ta talabgorning to`g`ri kelishi va ular orasidan atigi 1 dona o`quvchi qabul qilinishi ham murakkab jarayon hisoblanadi. Bu holat bo`yicha eng yuqori ko`rsatkichlar Andijon viloyatida 1 o`ringa 267 ta, Farg`onada 229 ta Surxondaryoda 225 ta, Namangan va Samarqandda 224 ta, eng past ko`rsatgichlar esa Sirdaryoda 80 ta, Navoiy viloyatida 74 taga to`g`ri kelmoqda.