Davlat xizmatlari markazi xodimi 24 mln dollarlik jinoiy ish ustida qo`lga tushdi.
Toshkent viloyati Zangiota tumani Davlat xizmatlari markazi xodimi o`zganing ishonchiga kirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali unga Toshkent tumanida joylashgan va davlat zaxirasida bo`lgan 10 gektar sug`oriladigan er maydonini 24 mln AQSh dollariga sotib olib berishini aytadi. Er maydoniga egalik huquqini beruvchi qarorni chiqartirib berish evaziga kelishilgan summadan 1,5 mln AQSh dollarini berishini talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 200 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Boshqa holatda esa Toshkent viloyatining O`rtachirchiq tumanida yashovchi, 1972 yilda tug`ilgan, muqaddam sudlangan shaxs firibgarlik yo`li bilan o`zganing mulkini qo`lga kiritish maqsadida, 2021 yilda Bo`stonliq tumani hokimligi tomonidan mahalliy qurilish firmasiga investisiya kiritish dasturi asosida ko`p qavatli turar-joylar barpo etish uchun ajratilgan 4 gektar er maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridorga olib berish evaziga 2,5 mln AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, u so`ralgan pul mablag`idan 200 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Ma`lumotlarga ko`ra hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.