Olmaota shahri, Olmali tuman sudi oligarx (asli o`zbekistonlik) Fattoh Shodievning jiyani tadbirkor Orifjon Shodievga nisbatan hukm chiqardi. U “Asia Credit Bank”ga etkazilgan 16,7 milliard tenge (36 mln AQSh dollari) miqdoridagi zarar uchun keyingi 1,5 yilini minimal rejimli koloniyada o`tkazadi, deb xabar berdi Sputnik.
Tergov ma`lumotlariga ko`ra, Shodiev 2019 yil aprel oyida “Asia Credit Bank” egasi Nurbol Sulton bilan bank aksiyalarini sotib olish bo`yicha shartnoma tuzgan. Bitim shartlariga ko`ra, Shodiev mulkdor bo`lish uchun beshta kompaniyaning jami 16,7 milliard tenge kreditini to`lashi kerak bo`lgan, tadbirkor bunga rozi bo`lgan va kredit majburiyatlarini o`z zimmasiga olgan.
Yuqoridagi qarzlar uchun garov sifatida Olmaota shahri chegarasida joylashgan (umumiy maydoni 109,6 gektar) ettita er uchastkasini taqdim etgan. Ammo bir muncha vaqt o`tgach, Orifjon Shodiev yordamchisi Mixail Solovyov bilan birga to`satdan va`dalarni o`zgartirgan.
«Jinoiy niyatni amalga oshirish uchun Shodiev va Solovyov garovga qo`yilgan 7 ta er uchastkasini likvidligi past, bankning kredit va garov siyosati talablariga javob bermaydigan er uchastkasiga almashtirish yo`li bilan bank garovidan olib qo`yish to`g`risida qaror qabul qilgan», — deyiladi sud hukmida.
“Asia Credit Bank” lisenziyasidan ayrilganidan keyingina qoidabuzarlik yuzaga kelgan. Buni bankning tugatish komissiyasi aniqlagan.
Sud majlisida Orifjon Shodiev o`z aybini to`liq, yordamchisi Mixail Solovyov esa qisman tan olgan. Natijada, Jinoyat kodeksining 250-moddasi – "Moliya tashkiloti, bank va (yoki) sug`urta xoldingi rahbar xodimi tomonidan o`z vakolatlarini suiiste`mol qilish” bo`yicha sud hukmi bilan Shodievni 1,5 yilga, uning yordamchisi Solovyovni esa 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
«Shodiev o`z vakolatlaridan moliya tashkilotining qonuniy manfaatlariga zid ravishda hamda o`ziga manfaat va imtiyozlar olish maqsadida foydalangan holda moliya tashkilotiga yirik miqdorda zarar etkazgan», — deyiladi sud qarorida.
Bundan tashqari, sudlanuvchilar bankka etkazilgan zararni to`liq qoplashlari shart.