Oliy sud e`lon qilgan hisobotlarga ko`ra, 2019 yildan 2022 yilgacha bo`lgan davr oralig`ida O`zbekistonda sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilinganlar soni uch barobarga ko`paygan.
Rasmiy ma`lumotlarda 2019 yilda sud hukmiga ko`ra 6955 kishiga qamoq jazosi belgilangan bo`lsa, 2022 yilda bu ko`rsatkich 17610 kishini tashkil qilgan. Ya`ni, salkam uch barobar ko`p.
Hisobotdan ko`rish mumkinki, eng og`ir jinoyatlar soni ham ko`paygan. Misol tariqasida, qasddan odam o`ldirish jinoyati bilan 2019 yilda 376 ta shaxs ayblangan bo`lsa, 2022 yilga kelib bu raqam 422 taga etgan, 2019 yilda 154 ta nomusga tegish holati qayd etilgan bo`lsa, 2022 yilda esa mazkur jinoyatlar soni 170 tani tashkil etgan.
Ma`muriy qamoq jazosi olgan 2019 yilda 27 292 nafar bo`lgan, 2022 yilga kelib ularning soni 79 271 kishiga etgan.
Sudlar tomonidan ko`rilayotgan ishlar soni yildan yilgan ortib bormoqda. Masalan, 2020 yilda sudlar tomonidan 440 807 ta ish ko`rilgan bo`lsa, 2021 yilda bu ko`rsatkich 756 330 taga etgan, 2022 yilda esa 1 215 786 tani tashkil qilgan.
Aytish mumkinki, joriy yilda ham jinoyatlar soni o`sib bormoqda, misol tariqasida, birgina 2023 yilning birinchi choragida 18 244 kishi ma`muriy qamoq jazosini olgan.