Gulnora Karimovaga tegishli bo`lgan mol-mulklar taqdiri nima bo`ldi?

04.02.2021 12:42

Gulnora Karimovaning xorijdagi mulklari

Gulnora Karimovaga oid jinoyat ishi ma`lumotlarida qayd etilishicha, 12 ta xorijiy mamlakatlar hududida uyushgan jinoiy guruhning 1 milliard 394,1 million AQSh dollari, 63,5 million evro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdordagi legallashtirilgan mablag`lari aniqlangan.

G.Karimovaning chet davlatlaridag mol-mulklarining jadvali:

Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tomonidan O`zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo`l bilan orttirilgan 1,3 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni O`zbekistonga qaytarish bo`yicha Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federasiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish boshlangan.

Olib borilgan sa`y-harakatlar natijasida Fransiyadan 10 million dollar miqdoridagi aktivlar O`zbekistonga qaytarilgan. Shuningdek, G.Karimovaning Jeneva shahrida joylashgan villasida o`tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san`at ashyolarining milliy boylikka taalluqliligini aniqlash hamda ularning O`zbekistonga qaytarilishi bo`yicha ishlar olib borilmoqda.

Avvalroq, G.Karimovaning O`zbekistondagi yashash manzillarida topilgan umumiy qiymati 12,7 milliard so`mdan ortiq bo`lgan san`at asarlari (kartina, so`zana, milliy taqinchoqlar, sopol, yog`ochdan ishlangan milliy hunarmandchilik asarlari va hokazolar) davlat tasarrufiga o`tkazilib, O`zbekistondagi qator san`at va tarix muzeylariga topshirilgan edi.

“O`zbekiston madaniyati va san`ati forumi” jamg`armasining tashkilotchisi, 1,5 mingdan ortiq loyihalar, xususan tele va radiokanallar, jurnallar asoschisi, qator mobil aloqa kompaniyalarida ham o`z ulushiga ega bo`lgan Gulnora Karimova va uning jinoiy guruhi vakillari nomida O`zbekiston va dunyoning 12 ta davlatida ko`chmas mulklar borligi aniqlangan.

DUBAY. «The PALM JUMEIRAH» sun`iy orolida joylashgan 13,1 mln dollarlik er maydoni.
DUBAY. «JUMEIRAH ZABEEL SARAY» nomli eng boy va muhtasham mehmonxonalar markazida joylashgan ko`chmas mulk.
DUBAY. BAAning Palma Djumeyra orollariga qarashli «DUBAI MARINA» bo`g`ozidagi «DAMAC HEIGTS» nomli bino. Ushbu osmono`par majmuada G.Karimovaga qarashli ikkita ko`pxonali dunyoning eng antiqa va noyob, qimmatbaho pentxauslari bor…
DUBAY. Karimova xonim «Bonnington, Jumeirah Lakes Towers» nomli Dubayning zodagonlar istiqomat qiluvchi hududidagi uchta eng qimmatbaho pentxausning ham egasi edi.
LONDON. Buyuk Britaniyaning eng qimmat, markaziy shahridagi 4 qavatli uyning 3 ta xonadoni.
PARIJ. Fransiya poytaxtidagi eng go`zal va xushmanzara go`shadagi qasr. 30 million AQSh dollari qiymatidagi ushbu koshona 2011 yilda sotib olingan edi.
Qasrning ichki ko`rinishi.
GONKONG. “The Arch” osmono`par binosi. Karimovaning ushbu majmuada 15 million dollarlik pentxausi bor edi.

Xo`sh, O`zbekistonning birinchi prezidenti, marhum Islom Karimovning to`ng`ich qizi – Gulnora Karimovaning O`zbekistondagi “mulklari” – ijodiy loyihalari, ko`chmas mulklari “taqdiri” nima bo`ldi?

Gulnora Karimovaning O`zbekistondagi mulklari “taqdiri”

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Davlat soliq qo`mitasi hamkorligida o`tkazilgan tekshiruvlardan so`ng 2013 yilning oktyabr oyida Gulnora Karimovaga tegishli deb ko`rilgan "TV Markaz", "Forum TV", "NTT", "SoftS" telekanallardagi namoyishlar, "Zamin FM", "A’lo FM" va "Terra FM" radiokanallari efirlari uzilgan. Noyabr oyida esa 10 yillik faoliyatga ega bo`lgan “O`zbekiston madaniyati va san`ati forumi" jamg`armasi tugatilgan. Islom Karimov shoh ko`chasida “Tashkent City” xalqaro biznes markazi qurilishi munosabati bilan shaharning boshqa binolari qatori tashkilot binosi ham buzilib ketgan.

Tergov-surishtiruv jarayonlarida Toshkentdagi yirik tadbirkorlik sub`ektlaridan "Rubicon Wireless Communication" MChJ (“Perfectum”) uyali aloqa kompaniyasi Gulnora Karimova tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a`zolaridan biri Rustam Madumarovga tegishli ekanligi aniqlangan. Hozirda ushbu tashkilot ochiq auksion savdosiga qo`yilgan.

Davlat mulk qo`mitasi ma`lumotida qayd etilishicha, Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyanga rasmiylashtirilgan “Solid-Investment”, “Fast-Development”, “Panally LTD.”, “Aval-Invest” kabi shirkatlariga qarashli bo`lgan “Dom Stilya”, “Basha”, “Fashion Bar”, “La Shakar”, “Premier Hall Cinema” kabi ko`ngilochar ob`ektlar binolari davlat foydasiga musodara qilingan. "Levi's", "Mango", "United Colors of Benetton" brendlari ham davlatga o`tkazilgan.

Gulnora Karimovaga tegishli deb topilgan Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanidagi “Sijjak” dam olish zonasi 2019 yilda Triatlon federasiyasiga o`tkazilgandi. Hozirda ob`ekt ochiq auksion savdosiga qo`yilgan.

“Sijjak” dam olish maskanining tashqi ko`rinishi.
Ichki ko`rinishi.

2013 yilning ikkinchi yarmida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a`zolarining faoliyatiga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari boshlandi. 2014 yil boshlarida Gulnora Karimova Toshkentda uy qamog`iga olindi.

2019 yilda xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan G.Karimovaga nisbatan oldin olib borilgan tergov harakatlarida qamrab olinmagan jinoyatlar haqida xabarlar kelib tushdi. Bu holatlar esa yangi jinoyat ishi ochilishiga asos bo`ldi.

Adliya vazirligi bayonotida qayd etilishicha, G.Karimova o`ziga yaqin shaxslardan iborat bir nechta uyushgan jinoiy guruh tuzib, fuqarolar va turli kompaniyalar egalariga bosim o`tkazish va qo`rqitish yo`li bilan mulklarini o`ziga qarashli kompaniyalar nomiga rasmiylashtirib berishga, daromadlaridan “ulush” ajratishga majburlagan.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda olib borilayotgan tergov manbalarida keltirilishicha, G.Karimova va unga aloqador shaxslar tomonidan Latviya, Shveysariya, Fransiya, Shvesiya, Niderlandiya va boshqa davlatlarda jinoiy yo`l bilan orttirilgan mablag`larni yuvish bo`yicha noqonuniy korrupsion sxemalar amalga oshirilgan.

G.Karimova va uning jinoiy guruhi tomonidan sodir etilgan jinoiy ish doirasida O`zbekistonga etkazilgan zarar miqdori 3,8 trillion so`m va 165 million AQSh dollarini tashkil etgan.

2020 yil 18 mart kuni jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudida G.Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a`zolariga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to`liq o`rganib, G.Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o`zlashtirish va rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan G.Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo`yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Xususan, sud hukmiga ko`ra, jinoiy guruh a`zolariN.Sodikovga 20 yil, A.Ergashevga 18 yil 1 oy, O.Sviridovga 17 yil 3 oy, Sh.Sabirovga 17 yil 1 oy, R.Madumarovga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi, G.Avakyanga 3 yil sinov muddati bilan 5 yil 3 oy 21 kun shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, hozirda Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi jazoni o`tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
04.02.2021 20:45
Э