Qo`shni Qirg`iziston prezidenti imzolagan qonun bilan barcha davlat xizmatchilariga qirg`iz tilini bilish majburiy etib belgilandi. Ish jarayonida ham qirg`iz tilidan foydalanish majburiyati yuklanmoqda.
17 iyul kuni Japarov imzolagan “Davlat tili to`g`risida”gi qonunning yangi tahririga ko`ra, davlat idoralari faoliyati, hujjat aylanishi, sud ishlarini yuritish, xalqaro shartnomalar, geografik nomlar, shuningdek, ta`lim, fan, madaniyat va ommaviy axborot vositalari kabi 11 ta yo`nalish va sohalarda qirg`iz tilidan foydalanish ham majburiy bo`ladi. Xususan, teleradioeshittirishlar hajmi kamida 60 foizni tashkil etishi lozim.
Shu bilan biraga, qirg`iz tili kompyuter dasturlari interfeyslari, ommaviy tadbirlar, reklama, transport va mijozlarga xizmat ko`rsatishda majburiy bo`ladi.
Deputatlar, Milliy bank xodimlari, ichki ishlar organlari xodimlari, sudyalar, prokurorlar, advokatlar, notariuslar, o`qituvchilar va tibbiyot xodimlari o`z xizmat vazifalarini bajarishda qirg`iz tilini bilishlari shart.
Qonunda keltirilishicha, Qirg`iziston “o`z hududida yashovchi barcha etnik guruhlar vakillarining tillaridan erkin foydalanish tamoyiliga amal qiladi va bu tillarning rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratilishini kafolatlaydi”.
Bundan tashqari, mazkur qonun mamlakatda rus tilining rasmiy maqomida qolayotganini belgilaydi.