O`zbekiston banklari taqdim etayotgan kredit foizlari me`yoridami?

12.07.2023 08:34

Bank vazifasiga ko`ra odamlarga o`qish, tadbirkorlikni boshlash, uy-joy xarid qilish yoki shu kabi zaruriy xarajatlar uchun mablag` ya`ni kredit beradi. Insonlar kreditni belgilangan vaqtda va belgilangan uslubda ma`lum foizi bilan bankka qaytarishi kerak. Bir qaraganda bank pulga ehtiyoji bo`lgan odamning joniga oro kirgandek ko`rinadi. Aslida ham shundaymi?

"Theglobaleconomy" saytining 2022 yilgi hisob-kitoblariga ko`ra, O`zbekiston yuqori foizli kredit bo`yicha dunyoda 109 mamlakat ichida 5-o`rinni egallagan.

O`zbekistonda kredit foizlari yildan yilga tobora yuqorilab bormoqda.

"Rost24.uz" sayti O`zbekistondagi banklarning kredit bo`yicha foiz stavkalarini o`rgandi.

Asosiy foiz stavkasi

Tijorat va davlat banklari Markaziy (milliy) bank boshchiligida kreditlar uchun belgilaydigan bank foiz stavkasidan kelib chiqib ixtiyoriy ravishda kredit foizlarini belgilaydi. O`zbekistonda Markaziy bank tomonidan belgilangan foiz stavkasi ayni paytda 14 foizni tashkil etadi. Qozog`istonda iyul oyi holatiga ko`ra, foiz stavkasi 16.75 %. Boshqa qo`shni mamlakatlar bilan solishtirsak bu ko`rsatkich biroz yuqoriroq. Masalan, Qirg`izistonda foiz stavkasi may oyidan buyon o`zgarishsiz 13% miqdorida turibdi. Tojikistonda 10%

Dunyoda eng past ko`rsatkichdagi foiz stavkasi Yaponiyaga tegishli: 0.1%. Iqtisodiyoti qudratli bo`lgan mamlakatlar - Xitoyda foiz stavkasi 3.55, AQShda 5.25 etib belgilangan.  O`zbekistonda esa eng minimal foiz stavkasi 2015, 2016, 2017 yillarda 9% bo`lgan.

Imtiyozli kreditlar

O`zbekistonda "Ta`lim krediti", "Oilakredit.uz" kabi imtiyozli kreditlar mavjud. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 yanvardagi PQ-39-son qaroriga muvofiq, 2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun jami 13 trln so`m, shundan 2,8 trln so`m “Mikrokreditbank” ATB, AT Xalq banki va “Agrobank” ATB resurslari hisobidan yo`naltirilgan va foiz stavkasi 14% etib belgilangan.

Bundan tashqari "Ayollarga ko`mak" (Xalq bankida 18%), "Bir million dasturchi" doirasida 21 foizli kredit turlari mavjud. Qo`shni Qirg`iziston bilan taqqoslasak "Ayl" bankda jismoniy shaxslar uchun hukumat dasturlari bo`yicha kreditlar 0 foizdan boshlab eng yuqorisi 6 foizni tashkil etadi.

Tojikistonda hunarmandchilikni rivojlantirish uchun 10 foizlik kredit turi mavjud. Evropa mamlakatlarida esa, masalan, Italiyada kreditning o`rtacha foizi bizning imtiyozli kreditlardan 5-6 barobar arzon - 2.26%.

Iste`mol krediti (iste`mol ehtiyojlarini qondirish uchun qaytarishlik sharti bilan aholiga beriladigan pul mablag`lari yoki tovarlardan iborat kredit, odatda, aholining qimmatbaho tovarlarni xarid etishi uchun ajratiladi)

Milliy Bank (NBU) saytidagi ma`lumotlarga ko`ra, bankning iste`mol krediti ish haqi loyihasi bo`yicha 36 oygacha bo`lgan muddatga yillik 24%, 24 oygacha bo`lgan muddatga yillik 23%.

Agar 36 oy muddatga 60 million so`mlik kredit olsangiz foiz uchun 25 mln 885 ming so`m ortiqcha to`laysiz, jami summa 85 mln 881 ming so`m qilib qaytariladi. SQB da 25 foiz (60 mln+24.997 mln=84 997 mln), Ipoteka bankda 26 foiz (49.5 mln+30.612 mln=80 mln 112 ming so`m), Hamkorbankda 32 foiz (60 mln+29.6 mln=89.6 mln so`m) kredit uchun to`laysiz.

Evropa mintaqasida esa Evropa Markaziy Banki ma`lumotlariga ko`ra, kredit foiz stavkalari uy xo`jaliklari uchun 3.1 foiz, korporasiyalar  uchun 3.6 foizni tashkil etadi. O`zbekiston banklari bilan taqqoslaganda o`rtadagi farq juda katta, deyarli 20 foiz.

Ipoteka krediti (uy-joy va ko`chmas mulk xaridi uchun beriladi)

O`zbekistondagi deyarli barcha banklarda ipoteka krediti xizmati mavjud. Bank.uz sayti ma`lumotlariga ko`ra, banklardagi ipoteka foizlari quyidagicha:

Qishloq qurilish bank 7-14 foiz;
Agrobank 17-18 foiz;
Ipoteka bank 17-18 foiz;
Xalq banki 18 foiz;
Mikrokreditbank 18 foiz;
Milliy Bank (NBU) 18 foiz;
Orient finans bank18-24 foiz;
Ziraat bank 23.5-25 foiz;
Sanoat qurilish bank 24-26 foiz;
Ipak yo`li bank 26 foiz;
Ravnaq bank 26-28 foiz.

Umuman olganda, O`zbekistondagi ipoteka krediti bo`yicha o`rtacha ko`rsatkich "Tradingeconomics.com" ma`lumotlariga ko`ra, 22.2 foizga teng. Qo`shni mamlakat Qozog`iston bilan solishtirsak ularda ipoteka krediti o`rtacha 8.66 foiz (2022 yil dekabr) ni tashkil qiladi. Qirg`izistonda 17 foiz

Boshqa mamlakatlar:

Xitoy 4.2 foiz;
Janubiy Koreya 4.4 foiz;
Yaponiya 1.02 foiz;
Fransiya 2.54 foiz;
Germaniya 3.88 foiz;
Buyuk Britaniya 4.57 foiz;
AQSh 6.34 foiz;
Kanada 4.26 foiz.

Ma`lumotlar foiz stavkalari past bo`lgan mamlakatlarning aksariyati dunyoning rivojlangan davlatlari ekanini ko`rsatib turibdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
30
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар