Qiynoqlar masalasi faqat bizda emas, bu global muammo — Akmal Saidov

08.07.2023 14:25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spiker o`rinbosari Akmal Saidov O`zbekistondagi tergov va jazoni ijro etish muassasalaridagi qiynoq hamda o`lim holatlari haqida gapirarkan, bu butun dunyoda uchraydigan muammo ekanini ta`kidladi, deb yozadi Kun.uz.

«Umuman, qiynoqlar muammosi bu – global muammo. Dunyoda biror davlat yo`qki, uning jazoni ijro etish muassasalarida qiynoq uchramagan bo`lsa. Hamma yoqda uchraydi. Chunki men o`tgan yili qiynoqlar bo`yicha BMTda O`zbekistonning beshinchi ma`ruzasini qildim.

Albatta, 2015-16 yilgacha bo`lgan davrda ham men O`zbekistonda qiynoqlar masalasi bilan shug`ullanganman. Siz hozir faqat Bo`ka va Andijonni esladingiz. Men esa Andijondagi o`tgan yilgi yoki avvalroq Qashqadaryodagi holatlarni aytaman. Eng dahshatlisi, Andijondagi voqelarda ichki ishlardagi 3 nafar xodim atigi 24 yoshda edi. Ichki ishlar akademiyasini bitirib borib, endi ikkinchi yil ishlayotgan bo`lgan. Bular nega bunday ish qildi, degan savol tug`iladi. Bu dahshat.

Siz kuyunchaklik bilan berayotgan savolga men 100 foiz qo`shilaman. Bu erda muammo ichki ishlar tizimi bilan bog`liqmi yoki shaxslar bilanmi, nima bo`lganda ham katta muammo. Lekin biz imkon qadar ularni kamaytirishga harakat qilyapmiz. Masalan, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning birinchi moddasiga Jinoyat kodeksining 235-moddasini moslashtirdik. Avval u to`la aks ettirmasdi. Buni xalqaro ekspertlar bilan birgalashib qildik. Qonuniy asosni, ya`ni javobgarlikni kuchaytirdik. Bizda 2016 yilgacha qiynoqqa yo`l qo`yganlik uchun jinoiy javobgarlik yo`q edi. Biz Jinoyat kodeksiga alohida modda kiritdiki, xodim buni bilsa, javobgarlikni his qiladi.

Biz shuningdek, qiynoqqa yo`l qo`yilganda rahbarlar javobgarligini ham belgiladik. Albatta, qiynoqlar bo`ldimi, bu siz va bizning ishimizdagi kamchiliklarning salbiy natijasi. Buning oldini olish kerak. Biz nima qildik? Inson huquqlari bo`yicha oltita viloyatda huquqni muhofaza qiluvchi organning 350 nafar xodim uchun o`qish tashkil qildik.

Bizda shuningdek, ombudsman va xorijiy elchixonalar vakillari qamoqlarga tashrif buyurmoqda. Ular mahbuslarning ahvoli bilan qiziqmoqda. Shuningdek, mahbuslar uchun ombudsmanga murojaat yo`llanadigan alohida quti tashkil qilingan. Uni qamoqxonada hech kim ocholmaydi. Hatto koloniya rahbari ham.

Albatta, biz qonunchilikni qilyapmiz. Lekin qiynoqqa qarshi standartlarni bilmagan bitta odam O`zbekistonni dunyoga sharmanda qilishi mumkin. Ha, bu ishlarni avval berkitish mumkin edi, lekin hozir ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan, uni internet orqali tezda butun jahon biladi», — deya ta`kidlagan Akmal Saidov nashr muxbirining O`zbekistondagi tergov va jazoni ijro etish muassasalarida sodir bo`layotgan qiynoq hamda o`lim holatlari kamaymayotgani haqidagi savoliga.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар