O`zbekiston energetika tizimida ilk bor yirik gidro to`plash elektr stansiyalar (GAES) barpo etiladi

05.07.2023 22:10

“O`zbekgidroenergo” AJ tomonidan mamlakatimizdagi mavjud suv salohiyatidan samarali foydalanish hamda elektr energiyasi taqchilligi sharoitida uzluksiz elektr energiyasi ishlab chiqarish borasida GTESlarni ishga tushirish yuzasidan Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyasi bilan anglashuv memorandumi imzolanishiga erishildi.

Kuni kecha “O`zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug`ani Sanginov hamda XXRning “China Southern Power Grid International (HK) Co., Ltd” kompaniyasi Boshqaruvi raisi Chjan Tanji tomonidan Yuqori Pskem GTES, Qarateren GTES, Yuqori Pskem GES loyihalari bo`yicha o`zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

Ma`lumot uchun: Xitoyning “China Southern Power Grid International (HK) Co., Ltd” kompaniyasi GTES qurish bo`yicha yuqori tajribaga ega hamda Xalqaro Fortune Global-500 reytingida 89-o`rinda turadi.

Mazkur kompaniya yuqori darajadagi tajribaga ega hisoblanib, bir qator yirik gidro elektr stansiyalar barpo etkan, shu jumladan “Uch dara” (quvvati 22,5 GVt, o`rtacha yillik ishlab chiqarishi 105 mlrd kVtꞏsoat elektr energiyasi) GES qurilishida ishtirok etgan.

Mazkur memorandumga asosan, O`zbekiston gidroenergetika sohasida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida, xorijiy investisiyalar hisobiga yuqori energetik salohiyatga ega, umumiy qiymati 1 mlrd 640 mln AQSh dollariga teng bo`lgan umumiy quvvati 820 MVt bo`lgan 3 ta loyiha: Yuqori Pskem GTES (quvvati 200 MVt), Qarateren GTES (500 MVt) hamda Yuqori Pskem GES (120 MVt) – gidroinshootlari quriladi. 

Memorandum doirasida dastlab o`zbek-xitoy kompaniyalari tomonidan qo`shma ishchi guruhi tarkibini shakllantirish borasida kelishib olindi. 

Joriy yilda tomonlar o`rtasida tuzilgan qo`shma ishchi guruhi tomonidan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda. Bu jarayonga xalqaro toifadagi ekspert-mutaxassislarni ham jalb etilishi ko`zda tutilgan.

Mazkur loyihalar to`liq quvvatda 2030 yilga qadar ishga tushirilishi belgilangan. 

GTESlarning ishga tushirilishi natijasida yillik o`rtacha 3 mlrd kVtꞏsoat elektr energiyasi ishlab chiqirilishi natijasida 835 mln 655 ming m3 o`rtacha yillik tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, atmosferaga chiquvchi zararli is gazi miqdori kamayishiga erishiladi. 

Ushbu loyihalar to`liq quvvatda ishga tushirilgandan so`ng, 500 dan ortiq yangi ish o`rinlari yaratiladi hamda 1 mln 600 mingdan ortiq aholi uzluksiz elektr energiyasi bilan ta`minlanadi.

Buning natijasida Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda viloyatlar chekka hududlaridagi aholisi sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta`minlanadi. GAESlarning ishga tushirilishi natijasida iste`molning eng yuqori yuklama (tig`iz) paytida, ayniqsa, sovuq 
va issiq mavsumda sodir bo`ladigan elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olishga muhim hissa qo`shadi.

Yuqori quvvatdagi mazkur loyihalarning ishga tushirilishi elektr ta`minotidagi muammoli hududlarga yo`naltiriladi. Bugungi kunda o`sib borayotgan mamlakatimiz aholisini hisobga olgan holda, energiya iste`molining tobora ortib borishida yuzaga kelayotgan elektr energiyasi muammolariga ijobiy echim bo`ladi. 

Aytish joizki, mazkur amaliy hamkorlik natijasida mamlakatimiz gidroenergetik salohiyati shahdam qadamlar bilan yanada ortadi hamda ko`zda tutilgan yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali toza va arzon elektr energiya manbaini ishlab chiqarish hajmi keskin oshishiga erishiladi.

Axborot xizmati

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар