Ushbu 44 mingta daraxtdan 9,5 mingga yaqini qimmatbaho daraxtlar hisoblanadi.
Mazkur noqonuniy holatlar bo`yicha, tabiatga 36 milliard so`mlik zarar etkazilgan. 2022 yilda bu ko`rsatkich 10 mlrd. so`m edi.
Ma`lumot uchun, moratoriy - hukumat tomonidan muayyan majburiyat va harakatlarning ijro etish muddatini uzaytirish yoki to`xtatib qo`yish.
Daraxtlarni saqlab qolish uchun noma`lum muddatga e`lon qilingan moratoriy davrida shuncha daraxt kesilgan bo`lsa, moratoriy bo`lmasa qanchasi kesilar ekan?! Daraxtlarning noqonuniy kesilish holatlari ko`payishiga sabab, jarimalarning kamligi va qaysidir amaldorlarning o`z ishini eplay olmayotganidir balki?
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 79-moddasiga ko`ra, daraxt, butalarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo`q qilish yoki boshqa joyga ko`chirib o`tkazish: fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha; mansabdor shaxslarga esa, 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima qo`llashga asos bo`ladi.
Bundan tashqari, ushbu holatlarda Jinoyat kodeksining 198-moddasiga ko`ra, olovga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo`lish natijasida ekinzorlarni, o`rmonlarni, daraxtlar yoki boshqa o`simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish ko`p miqdorda zarar etkazilishiga yoki boshqacha og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa: BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan;
O`rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o`simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko`p miqdorda zarar etkazilishiga sabab bo`lsa: BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
Ekinzorlarni, o`rmonlarni, daraxtlar yoki boshqa o`simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko`p miqdorda zarar etkazilishiga sabab bo`lsa: BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Etkazilgan moddiy zararning o`rni 3 karra miqdorda qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo`llanilmaydi.
Shuningdek, 2023 yil 3 may kuni o`tkazilgan Oliy Majlis senatining 40-yalpi majlisida muhokama qilingan “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonunga ko`ra, daraxt va butalarni kesish holatlari bo`yicha ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida ushbu huquqbuzarlikni takror sodir etganlik uchun 15 sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olish choralari qayd etilgan.
Ushbu jazo turlari kuchaytirilganidan so`ng noqonuniy daraxt kesish holatlari kamayadi degan umiddamiz.