Soliqlar xalqning ustiga yuk bo`lmasligi uchun Amir Temur nima qilgan?

27.11.2020 12:24

Sohibqiron bobomiz Amir Temur o`z tuzuklarida shunday yozadi: «Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig`ishda ularni og`ir ahvolga solib qo`yishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo`yishdan saqlanish kerak.

 

Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag`allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo`ladi».

E`tibor bering, ushbu fikrlarda soliq to`lovchi xalq va soliq yig`uvchi davlat o`rtasidagi iqtisodiy munosabatlar o`ta nozik ekanligi, soliqning miqdori mo``tadil bo`lishi zarurligi, bu qoidaga rioya qilmaslik o`ta yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aniq va ravshan ifodalanmoqda.

Binobarin, Amir Temurgacha bo`lgan davrda soliq yig`uvchilarning ish haqi soliq to`lovchilar hisobidan bo`lgan. Ular qonunda ko`zda tutilmagan soliqlarni undirishga ham harakat qilar edilar. Sohibqiron bobomiz esa soliq undiruvchilarga xalqning ustiga yuk bo`lmasligi uchun ularga maosh tayinlagan. Eng muhimi, o`z qamrovidagi davlatlarda adolatli va mukammal soliq tizimini yaratgan. Bunga tarix guvoh.

Amir Temur qishloq xo`jaligida soliqni ekindan olingan hosilga va erning unumdorligiga qarab belgilashni joriy qilgan. Hali daromad manbai bo`lmasdan soliq olish mumkin emasligini qattiq man` etgan. Aslida ham hosil pishdi degani, dehqonning cho`ntagiga darhol pul tushishini bildirmaydi-ku?!

Avval hosilni yig`ish, tozalash, saralash va bozorga olib chiqib sotish kerak. Shu jihatdan, uning soliq siyosatini tashkil etish bo`yicha bildirgan g`oyalari bugun ham o`z ahamiyatini yo`qotmagan.

Hammamizga yaxshi ma`lum, soliqlar aslida davlatning mustahkam byudjetini shakllantirishga qaratilgan tushumlar manbai bo`lib, hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga qayta yo`naltiriladi.  

Har bir fuqaro o`zi tasarruf etgan mulki yoki daromadining belgilangan ulushini mamlakat rivoji uchun ajratishi bu iqtisodiy jarayonning barqarorligini ta`minlaydi.

Bugungi kunda soliqlar va yig`imlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish va boshqa shu kabi munosabatlar O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi. Yurtimizda soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan barcha imkoniyatlar zamirida avvalo, tadbirkor boy bo`lsa, davlat ham boy, aholi turmushi farovon bo`ladi, degan yagona g`oya mujassam ekani kundek ayon.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig`ilishida moddama-modda ko`rib chiqilgan «O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi qonun loyihasi ham bejiz qizg`in tortishuvlarga sabab bo`lgani yo`q. Chunki mazkur hujjatning qabul qilinishi natijasida amaliyotda bir-birini zidlovchi qonun hujjatlar yuzaga kelishining oldi olinib, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tizimlashtiriladi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 15 iyuldagi tegishli farmoniga muvofiq, ishlab chiqilgan qonun loyihasining asosiy maqsadi – er resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Demak, qonun loyihasi ham to`g`ridan-to`g`ri amal qiladigan hujjatga aylanishi lozim.

Xo`sh, qonun loyihasiga kiritilgan asosiy o`zgarishlar nimalardan iborat? Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida qanday yangiliklar aks etmoqda?

Avvalo, mazkur hujjat bilan er solig`i bo`yicha berilgan imtiyozlar, er uchastkalari egallagan qismi bo`yicha, sog`lomlashtirish va dam olish joylari, dam olish uylari, aholining ommaviy dam olishi va turizmni tashkil etish uchun belgilangan joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan bo`lsa va turistik zonalarda joylashgan bo`lsa, sanatoriy-kurort xizmati uchun foydalanishga berilgan, turistik zonada joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlariga mol-mulk solig`i bo`yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinyapti.

Shu bilan birga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga turistik zonalarda alohida sanatoriy-kurort ob`ektlari egallagan erlar uchun mol-mulk solig`i va er solig`ining kamaytirilgan stavkalarini qo`llash yoki ushbu soliqlarni to`lashdan ozod qilish vakolati berilmoqda.

Yana bir muhim yangilik – loyihaga Prezidentimizning 2020 yil 1 maydagi tegishli qarorining 8-bandiga asosan baliqlarni etishtirish (o`stirish) uchun sun`iy suv havzalariga nisbatan qonun hujjatlarida oshirilgan soliq stavkalarini belgilash yo`li bilan ta`sir choralari qo`llanilishi mumkin hamda soliq imtiyozlari ularga nisbatan tatbiq etilmasligi to`g`risidagi norma kiritilmoqda.

Bir so`z bilan aytganda, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi mukammal va iqtisodiy farovonlikka xizmat qiluvchi qonun sifatida shakllanishiga erishish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Qonun loyihasining har taraflama pishiq-puxta holga keltirilib, bobma-bob, moddama-modda ko`rib chiqilgan holda qabul qilingani zamirida albatta, ulkan maqsadlar mujassam.

Botirbek TO`RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
04.08.2021 02:31
Yaxshi maqola bo'libdi. Rost 24 jamoasiga omad!!!