IIV xodimlarining xatosini tan oldi

23.06.2023 10:06

IIV: viloyat matbuot kotibimiz ma`lumotni to`liq o`rganmagan holda tayyorlagan

Kecha, 22 iyun kuni Samarqandda basseyn ochilish marosimidan suratlar bilan tanqidiy xabar chiqarilgani jamoatchilikning e`tirozlariga sabab bo`lgan edi. Shundan so`ng IIV Axborot xizmati rahbari Sh.G`iyosov Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati rahbari J.Sagdullaev tomonidan o`z sahifasiga joylashtirilgan mazkur  “Vavilon” cho`milish havzasining ochilish marosimidagi tadbir bo`yicha xabariga munosabat bildirdi.

Unga ko`ra, cho`milish havzasining ochilish marosimi tashkilotchilari Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-sonli “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o`tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarori talablarini inobatga olmagan holda, 2000 dan ziyod fuqarolar uchun ommaviy ko`ngilochar marosimini tashkil etgan.

Ushbu tadbir Samarqand viloyati IIB tomonidan o`rganilib, tadbir tashkilotchilari bilan profilaktik suhbat o`tkazilib, kelgusida xavfsizlik choralari ko`rilishi zaruriyati haqida qat`iy ogohlantirilgan.

Ammo, xabarda aks etgan, tadbirda ishtirok etgan ayollarga nisbatan teri-tanosil kasalliklari ko`rigidan o`tkazilganligi va OITS/OIVga tekshirish uchun qon tahlillari olinganligi to`g`risidagi ma`lumot, viloyat IIB matbuot kotibi J.Sagdullaev tomonidan shoshmashosharlik bilan vaziyatni to`liq o`rganmagan holda tayyorlangan.

"Tadbir ishtirokchilarining hech biri tibbiy ko`rikdan o`tkazilmagan va ularga nisbatan huquqiy ta`sir choralari qo`llanilmagan. 

Ichki ishlar vazirligi tomonidan viloyat IIB xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan”, – deyiladi IIV Axborot xizmati rahbari Sh.G`iyosov.bergan munosabatda.

Yuz bergan holatdan so`ng, jamoatchilik orasida Jahongir Sagdullaev lavozimidan ozod qilingani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalmoqda. Ammo, IIV kechadan buyon bu xabarlarga hech qanday munosabat bildirmadi va holatni aniqlashtirmadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар