Sog`liqni saqlash vazirligi amaldorlaridan investorlar nega norozi?

23.06.2023 09:46

Tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan «Intermed innovation» mas`uliyati cheklangan jamiyati qo`shma korxonasi investorlari Sog`liqni saqlash vazirligidan noroziligini bildirgan holda quyidagilarni bayon qildi:

Prezidentimizning 2022 yil 26 yanvardagi PQ – 102 - sonli va  Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 avgustdagi 674-sonli qaroriga muvofiq sog`liqni saqlash tizimining birlamchi bo`g`inini isloh qilish bo`yicha belgilangan vazifalarini bajarayotgan sarmoyador va tadbirkorga nisbatan bitta majlisning o`zida  shoshilinch ravishda noqonuniy va adolatsiz qaror chiqarildi. 

Ya`ni, «Intermed innovation» mas`uliyati cheklangan jamiyati qo`shma korxonasi O`zbekiston aholisiga  sifatli va zamonaviy tibbiy tahlil (analiz)lar o`tkazish bo`yicha yaqindan ko`maklashish maqsadida ushbu sohaga sarmoya kiritgan.  “Toshkent shahrida markazlashgan klinik-diagnostika laboratoriyasi” davlat-xususiy sheriklik  loyihasini amalga oshirish orqali 200 dan ziyod tahlillarni zamonaviy usulda o`tkazishni yo`lga qo`ygan edi. Shundan 24 xil birlamchi zaruriy tahlillar (178 poliklinikada) bepul amalga oshirilayotgan edi. 

Biroq, «Intermed innovation» MChJ qo`shma korxonasini  lisenziyasidan mahrum qilishdi. Tadbirkorlik sub`ektining qonuniy faoliyatini to`xtatishda Sog`liqni saqlash vazirligidagi  ayrim mansabdorlarning xatti-harakati sabab bo`lgan. 

Toshkent  iqtisodiy ishlar bo`yicha tumanlararo sudida javobgar  «Intermed innovation» MChJ vakillarining ishtirokisiz, faqat da`vogar – Sog`liqni saqlash vazirligi vakillarining xulosalariga asoslanib qaror chiqarildi. Sudga ishni boshqa kunga qoldirish to`g`risidagi  o`z vaqtida   berilgan yozma ariza inobatga olinmagan. 

Toshkent  shahar iqtisodiy ishlar bo`yicha sudining apellyasiya instansiyasida ham «Intermed innovation» MChJ vakillari keltirigan vajlar, sudga taqdim etilgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishlash  to`g`risidagi 2020 yil 10 fevraldagi №1-33K sonli shartnoma, 2022 yil 24 sentyabrdagi amaldagi Sog`liqni saqlash vaziri A.Inoyatov tomonidan imzolangan  Operatorlik bitimi, Sog`liqni saqlash vazirligining 4 ta buyrug`i va Toshkent shahar sog`liqni saqlash boshqarmasi, Toshkent viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasining SKDL  loyihasi bo`yicha 4 ta  buyrug`i shaklidagi ruxsatnoma hujjatlari  ham e`tiborga olinmadi. 

O`z navbatida, Sog`liqni saqlash vazirligi buyruqlari bilan SKDL loyihasiga biriktirilgan 178 poliklinikadan har biriga alohida lisenziya olish  talab etilmaydi va huquqiy hujjatlar  shartlariga to`g`ri kelmaydi.

2021 yil 14 iyuldagi №O`zRQ-701sonli  “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi qonunning 9-moddasiga ko`ra,  “Prezidentning yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat muassasalari, basharti Prezidentning yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlarida faoliyatning lisenziyalanadigan turlarini amalga oshirish nazarda tutilgan bo`lsa, faoliyatning ushbu turlarini tegishli lisenziyani olmasdan amalga oshirishga haqlidir.” 

Shu sababli Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi  178 poliklinika – davlat muassasalari uchun xususiy kompaniya tomonidan 178 tibbiy lisenziya olish majburyati qonunga ziddir.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi  178  poliklinikani qamrab olgan hamda respublikamizning 10 milliondan ortiq aholisi farovonligiga ta`sir ko`rsatadigan bu darajadagi ulkan davlat-xususiy sheriklik asosidagi  investisiya loyihasi bo`yicha 2 soat ichida  bunday shoshilinch bir martalik yig`ilishning o`tkazilishi va  Toshkent shahar iqtisodiy ishlar bo`yicha sudining bir tomonlama chiqargan qarori Prezident va qonunchilikka to`g`ri keladimi? 

«Intermed innovation» MChJ qo`shma korxonasi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
14
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар