Adliya vazirligiga tegishli bo`lgan vakolatdardan biri – hujjatlar ekspertizasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga berilyapti. Ammo ekspertiza monitoringgi Adliya vazirligida qoldirilmoqda.
Senatning 42-majlisida “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi.
“Shu kunga qadar normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish qonun bilan emas, balki Adliya vazirligining buyrug`i bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solingan. Bu esa, qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy bo`shliqlarning yuzaga kelishiga zamin yaratmoqda.
Endilikda korrupsiyaga qarshi ekspertizani o`tkazish nafaqat Adliya vazirligi tomonidan, balki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, yuridik xizmat xodimlari hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta`minlash o`z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin», deyiladi Senat yig`ilishida.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalariga ham normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini o`tkazish huquqi berilmoqda.
E`tiborli jihati shundaki, qabul qilinayotgan qonunda jamoatchilik tomonidan taqdim etilgan takliflar tegishli davlat organlari va tashkilotlar tomonidan majburiy ravishda ko`rib chiqilishi ham belgilab qo`yilgan.
Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o`tkazishga oid faoliyatni uslubiy jihatdan ta`minlash hamda monitoring qilish Adliya vazirligiga yuklatilmoqda.