Prezident nimadan bezovta? “Tolibon” qurayotgan Qo`shtepa kanali haqida

21.06.2023 10:17

20 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vaziri Shavkat Hamraev vazirlikda bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Afg`onistondagi Qo`shtepa kanali qurilishi loyihasiga O`zbekiston o`z ishchi guruhini taklif qilayotganini ma`lum qildi.

Xamraev mazkur masalada prezident ham bezovtaligini, davlatlar o`rtasidagi har qanday masala muloqot orqali hal etilishini, qolaversa, O`zbekiston kanal qurilishida yaqindan ko`maklashishini bildirgan.

Ma`lumki, “Tolibon” hukumati 2022 yil mart oyidan boshlab Balx viloyatida ulkan Qo`shtepa kanalini qurishni boshladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, agar Qo`shtepa kanali loyihasi Afg`oniston hukumati tomonidan yakunlanib, foydalanishga topshirilsa, Amudaryo suvining 20 foizdan 30 foizgacha qismi Afg`onistonning shimoliy hududlariga yo`naltiriladi, oqibatda O`zbekistonga keladigan suv hajmi 15 foiz atrofida kamayishi bilan bog`liq xavf mavjud.

Bu holat Xorazm, Buxoro, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi, shuningdek Turkmaniston uchun jiddiy oqibatlar paydo qiladi.

Amudaryodan suvning burilishi O`zbekistonning shimoliy hududlaridagi ilgaridan mavjud yomon holatni yanada og`irlashtirishi mumkin. Qo`shtepa kanali qurilsa, Afg`oniston shimolida ekin ekish uchun foydalanilmoqchi bo`lgan erlardagi tuzlar doimiy ravishda yuviladi, yuvilgan sho`rlar esa to`lig`icha Amudaryoga oqadi. Oqibatda Amudaryo bo`yidagi shusiz ham qiyin holatdagi ekologik vaziyat yanada og`irlashadi. Suv tanqisligi va tuz miqdori ortish xavfi mavjud.

Ma`lumot uchun,  kanalning uzunligi 285 km (shundan 100 kmdan ortiq qismi qazib bo`lingan), eni 100 metr, chuqurligi 8,5 metr bo`lishi ko`zda tutilgan bo`lib, loyiha qiymati taxminan 684 million dollarni tashkil etadi. Loyihani to`liq yakunlash 2028 yilga mo`ljallangan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар