AOKAda “Ma`muriy islohotlar doirasida qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmoni yuzasidan Qishloq xo`jaligi vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi.
Unda bugungi kunda dolzarb bo`lib turgan em-xashak qimmatligi, yaylovlarning kamligi yoki klasterlarga o`tib ketayotgani sababli kasodga uchrayotgan fermer xo`jaliklarining holatini yaxshilash borasida qandaydir aniq maqsadli ishlari qilinyaptimi, mazmunida savol berildi.
Rost24.uz muxbirining ushbu savoliga “Chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish” boshqarmasi boshlig`i Matyoqub Matyoqubov quyidagicha javob berdi:
«Paxta to`qimachilik klasterlarimizdagi er maydonlarining 10 foiziga almashlab oziq ekinlarini ekish reja qilingan. Bu yil 480 ming gektardan oshiq ozuqa ekinlari mavjud. Ularga serhosil urug`larni ekkanmiz. Joriy yilni o`zida 25 mln. tonnaga yaqin ozuqa jamg`arilgan, bu yil esa 28 mln. tonna rejalashtirilgan. Bu orqali ozuqaga bo`lgan talabni qoplab olamiz. Ayrim fermerlarda er etishmovchiligi bilan bog`liq muammolar ham bor, ular ham ozuqa ekinlarini ekish va ilg`or xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda ozuqa etishtirishni yo`lga qo`yish rejalashtirilgan.
Prezidentimizning 121-sonli qarorida belgilangan 2 milliondan oshiq gektar maydonimizning 206 ming gektariga ozuqa ekini ekish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda 150 ming gektardan oshiq ozuqa ekinlari ekilyapti», — dedi M. Matyoqubov.
Taajjublanarli jihati shundaki, ushbu matbuot anjumanida ham doimgidek shablon - "rejalashtirilgan", "bajariladi" degan so`zlar ishlatildi. Bunday so`zlar faqat bir vazirlik emas, barcha vazirlik, tashkilotlar tomonidan ishlatilib kelinadi.
Keyingi matbuot anjumanlarida “bajariladi” so`zlari “bajarildi” degan aniq javoblarga almashadi degan umiddamiz.