Prezident qarori bilan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig`i va er solig`idan qarzga hisoblangan penya summalari hisobdan chiqarilib, bu bilan bog`liq sud va ijro ishlari tugatiladi.
Prezidentning 14 iyun kuni qabul qilingan qarori bilan bir nechta soliq turlari bo`yicha penya va jarimalar summasidan kechib yuborilishi belgilandi.
Qarorga ko`ra, 2023 yil 1 iyun holatiga quyidagilar hisobdan chiqariladi:
• jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig`i va er solig`i (noturar ko`chmas mulk ob`ektlari bundan mustasno) bo`yicha muddatida to`lanmagan qarziga hisoblangan penya summalari;
• oxirgi 6 oy mobaynida moliya-xo`jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan YaTTlarning qat`iy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i va ijtimoiy soliqdan vujudga kelgan qarzi, hamda ularga hisoblangan penya va jarimalar summasi;
• xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning tashqi savdo operasiyalari bo`yicha muddati o`tgan debitor qarzdorligi uchun qo`llanilgan jarimalar summasi.
Ushbu soliq qarzi, penya va jarimalarni undirish bilan bog`liq sud va ijro ishlari tugatiladi.
Shuningdek, 2024 yil 1 iyungacha er uchastkalaridan hujjatlarsiz foydalanayotgan jismoniy shaxslarga er solig`ining 3 karra oshirilgan stavkasida soliq hisoblash tartibi to`xtatiladi.
Fermer xo`jaliklariga 2023 yil 1 iyun holatiga shakllangan suv solig`idan qarzini 12 oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz bo`lib-bo`lib to`lashga ruxsat etiladi.
2023 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 iyulgacha issiqxonaga ixtisoslashgan er maydoni 25 sotixdan ko`p bo`lgan tadbirkorlar tomonidan ishchilarining mehnatga haq to`lash tarzidagi daromadlari bo`yicha to`langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ini quyidagi shartlarga bir vaqtning o`zida rioya qilinganda tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi:
• har bir 5 sotix er maydoni uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligini ta`minlash;
• har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq to`lash tarzidagi daromadni mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo`lmagan (980 ming so`m) miqdorda belgilash;
• issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan issiqxona faoliyati bo`yicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo`yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etishi kerak.
13 iyun kuni prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev Nukus shahrida saylovchilar bilan uchrashuvda O`zbekiston aholisining mol-mulk va er soliqlaridan qarzdorliklari bo`yicha 500 milliard so`m, jumladan, Qoraqalpog`istonda 20 milliard so`m penya kechib yuborilishini aytgan edi.