Xovos tumanida uchta mahalla (Bo`ston, Husnabod, Qahramon) aholisi asosan bitta asosiy yo`ldan shaharning ravon yo`liga chiqishadi. Asosiy yo`lning umumiy uzunligi 4 kilometrdan ortiq va hozirda nosoz holatda. Rost24.uz ayni masalani o`rganish maqsadida ushbu manzilda bo`ldi.
Shaharning ravon yo`llaridan murojaat manzili tomon burilarkansiz, sizni aholi ta`riflagan nosoz yo`l qarshi oladi.
Ayrim qismlari ta`mirlangan, o`rtada bir kilometrcha qismi asfalt ham qilingan yo`lda ketarkansiz, xuddi chanqagan odam suv tomchisini kutgandek, ravon yo`l kelishini kutishni boshlaysiz.
— Yo`limiz ancha yillardan beri buzilsa buzilyaptiki, ammo asfalt qilinmaydi. Mashinamizga ketayotgan xarajatlarni o`ylasak, mashinani ko`chaga haydab chiqqimiz kelmaydi», — deydi ta`mirtalab yo`ldan shaharga ketayotgan haydovchi.
Boshqa bir taksichi amaki esa, yo`l nosozligidan asfalt qolib, chang yo`ldan yurishini aytadi. «Asfalt yo`l yonidagi chang yo`ldan yuramiz. Agar, asfalt yo`ldan yursak, aniq 600-700 ming so`mdan olgan shinalarni rasvo qiladi, mashinani “mayib qiladi”. Bundan ko`ra, tuproq yo`lda changib yurganimiz yaxshi...», — deydi u.
Haydovchilar yo`l masalasida fikrlarini bildirarkan, deyarli barchasi nosoz yo`l tufayli ortiqcha sarf-xarajatlardan zada bo`lib ketgani seziladi.
— Sovet davrida qilingan yo`llar hali bor-da, bizning dardimizni biror inson eshitmaydi. Avtobusda yarim soatlik yo`lga bir soatda boramiz, yana qaytib kelamiz. Mashinalar davlatniki bo`lsa, har oyda ta`mirlash kerak. Agar shu yo`lga ozgina e`tibor berilsa, biz xalqning xizmatini qilib, tezroq manziliga etkazib qo`yardik», — deydi avtobus haydovchisi.
Bir onaxon nosoz yo`l sababli, taksichilar ham aytilgan manzilga elitib qo`ymay, yo`lning chetiga tashlab ketishini, hatto shoshilinch ravishda qaysidir yumush bilan biror joyga borish lozim bo`lsa ham, taksilar uncha-munchaga bormasligini, narxlarni ikki-uch barobar oshirib olishlarini ta`kidlasa, yana bir otaxon tez yordam ham o`z vaqtida etib kelolmasligini, ayrim holatlarda etib kelsa-da, mashinasi buzuq holatda bo`lib, kasalni vaqtida olib ketishga imkoni bo`lmay qolishini aytadi.
Otaxonning bu gaplaridan keyin, hududdagi tez yordam haydovchisiga “Yo`lning bu holati sizga qanday qiyinchiliklar tug`diradi?" degan mazmundagi savol bilan yuzlandik.
— Aholi aytganidek, yo`llarimiz talabga javob bermaydi, mashinamiz ham, o`zimiz ham aytilgan joyga qiynalib boramiz. Aholi ko`p bo`lgani uchun, kasallar ko`p bo`ladi. Ba`zan tug`ruq holatlari bo`ladi, bunday vaqtda "Farhod-5"ga olib borishimiz kerak, bunga 1 soat vaqtimiz ketadi. Yo`limiz yomon va uzoq. Shunga qaramay, imkoni boricha etkazib borishga harakat qilamiz. Lekin, aylanib kelib sarf-xarajati o`zimizga tushadi, shinasi ketadi, dvigateli ketadi, (7 kmga 7,5 ltir benzin) yoqilg`imiz etmaydi, gohida o`z hisobimizdan yoqilg`i quyamiz», — deydi tez yordam haydovchisi Begmat Abdullaev.
Fuqarolarning e`tirozli fikrlarini eshitarkanmiz, mas`ullar ham etib kelishdi. O`zini Xovos tumani 359 yo`l bo`limi (ushbu nosoz yo`l bo`yicha) boshlig`i deb tanishtirgan mas`uldan fuqarolarga qachon qulaylik yaratilishini so`radik.
— Yo`lning joriy ta`mirlash ishlari asosan ajratilgan mablag`lar bilan amalga oshiriladi. Shu yilning mart-aprel oylarida ajratilgan mablag`lar bilan yo`lning ayrim qismlarini ta`mirladik. Ajratilgan mablag` bilan yilning oxiriga qadar o`sha 4 kilometr nosoz yo`lni ta`mirlash ishlarini olib boramiz, — deydi Nodir Mamirov, — Yo`limiz dasturga kiritilgan. Shaharlardan navbat bilan kelinyapti. Bu yil 666-yo`limiz kiritilgan, 2024 yilning 4-choragiga qadar yo`limizning eng yomon qismi (“Sardoba” suv ombori qurilishida (2017 y.) juda ko`p yuk tashuvchi transport vositalari qatnashi oqibatida buzilib ketgan) asfalt qilinadi».
Mas`ulga “bitta yo`lga asfalt yotqizilganidan keyin yana necha yilda qayta asfalt qilinishi kerak”, degan mazmunda savol berdik.
— Bu yo`limiz 3-4 kategoriyaga kiradi, ya`ni 12 yilda qayta asfalt qilinishi kerak. Bu yo`lga esa ancha yillar bo`lib ketgan, ammo qayta asfalt qilinmagan. Faqat ta`mirlash ishlari qilib kelinadi», — dedi Nodir Mamirov.