Prezidentlikka nomzod Sh. Mirziyoev Qo`qon buyum bozoridagi yong`inga munosabat bildirib, bozor uzog`i bir oy ichida tiklab berilishini ma`lum qildi.
“Qo`qonlik tadbirkorlarimiz xotirjam bo`lsin, biz hech kimni o`z holiga tashlab qo`ymaymiz! Bu bozor uzog`i bilan bir oyda to`liq tiklab beriladi, bunga barcha kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Kim qaysi do`konda faoliyat yuritgan bo`lsa, o`sha erda tadbirkorligini davom ettiradi. Yong`indan zarar ko`rgan barcha tadbirkorlarning kredit va soliq to`lovlari muddati kechiktiriladi. Ularning qaytadan “oyoqqa turib olishlari” uchun, aylanma mablag` uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi”, — dedi Mirziyoev qo`qonliklar bilan uchrashuvda.
Shuningdek, prezident yong`in oqibatida zarar ko`rgan aholi xonadonlari to`liq ta`mirlab berilishini aytdi.
12 iyun kuni Farg`ona viloyati Qo`qon shahrida joylashgan, xalq tilida "optom bozor" deb ataluvchi bozor hududidagi rastalarda katta yong`in kelib chiqishi oqibatida tadbirkorlar va bozorga tutash hududlarda istiqomat qiluvchi aholi katta zarar ko`rgan edi.