Hujjatlarda yo`qolgan “O`lim jazosi”ni amalda ham kamaytirish bo`yicha taklif

08.06.2023 21:41

“Yuksalish” umummilliy harakati ichki ishlar idoralarida qiynoqlar oqibatida o`lib ketayotganlar sonini kamaytirish maqsadida 10 ta taklifni e`lon qildi.

«Uchrayotgan qiynoq holatlari O`zbekistonning bugungi milliy va xalqaro imijiga salbiy ta`sir ko`rsatmasligi lozim», — deyiladi “Yuksalish” xabarida.

“Yuksalish” umummilliy harakati keng jamoatchilik fikri va soha ekspertlariga tayangan holda, qiynoqlarga barham berish maqsadida zudlik bilan quyidagi eng muhim ishlar amalga oshirilishi zarur, deb hisoblaydi:

1. Avvalo, so`nggi ro`y bergan qiynoq holatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati batafsil axborot berishi hamda tizimda qiynoqlarga barham berish bo`yicha aniq rejalarini jamoatchilikka taqdim etishi kerak;

2. Bundan buyon, muntazam ravishda har bir qiynoq va boshqa inson sha`ni va qadr-qimmatini kamsituvchi holatlar bo`yicha IIV rahbariyati tomonidan shaxsan jamoatchilikka axborot berib borish amaliyotini kiritish lozim;

3. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxsning huquqlari sodda tilda tushuntirilganligi haqida tilxat olish amaliyotini joriy etish;

4. Jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan shaxsning prokuror bilan uchrashish talabini darhol qondirish bo`yicha huquqini qonunchilikda mustahkamlash;

5. Hibsga (qamoqqa) olinganlarning rasman qamoqda saqlash joylari deb e`tirof etilgan joylarda saqlanishini, ularning saqlanayotgan joylari to`g`risidagi ma`lumotlarni manfaatdor tomonlar, shu jumladan qarindoshlari, do`stlari va jamoat tashkilotlari uchun ochiq bo`lishini ta`minlash maqsadida onlayn ma`lumotlar bazasini yaratish;

6. Shaxsni hibsga olishda “Miranda qoidasi”ni qo`llash bilan bog`liq harakatlarni talab darajasida amalga oshirmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini zudlik bilan parlamentga kiritish;

7. Milliy preventiv mexanizm doirasida ichki ishlar idoralarining vaqtincha saqlash hibsxonalari va ushlab turish joylariga jamoatchilik vakillarining monitoring tashriflarini tashkil etish va doimiy amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish;

8. Ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini qayta ko`rib chiqish, xususan, tegishli tuzilmalar xodimlarini jinoyat prosessi ishtirokchilarining huquqlarini bilishi, xodimlarning psixologik holatini stress-testdan o`tkazish tizimini isloh qilish;

9. Har bir ushlab turish va hibsga olish vakolatiga ega bo`lgan davlat organlari huzurida Jamoatchilik kengashlarini tashkil etish, Kengash tomonidan tegishli davlat idorasining faoliyati davomida inson huquqlarining ta`minlanishi va poymol etilmasligi yuzasidan doimiy jamoatchilik maslahatlashuvlari va monitoringlarni o`tkazish mexanizmlarini ishlab chiqish;

10. Qiynoqlar, inson sha`ni va qadr-qimmatini kamsitish bilan bog`liq, jamoatchilikda rezonans uyg`otgan jinoiy ishlar yuzasidan ochiq va sayyor sud majlislarini tashkil etish, ularni OAV orqali onlayn translyasiya qilish amaliyotini keng joriy etish.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар