Qirg`izistonda navbatdagi “prezident almashtirish” rejasi bartaraf etildi

06.06.2023 20:39

«Hokimiyatni ag`darish uchun tuzilgan guruhga xorijdan moddiy yordam berilishi kutilayotgan edi» — Qirg`iziston xavfsizlik qo`mitasi.

Kecha Bishkekda hokimiyatni zo`ravonlik yo`li bilan egallab olishga tayyorgarlik ko`rayotgan gumonlanuvchilarni ommaviy hibsga olish ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergandik.

Bugun Qirg`iziston Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi mazkur voqealar bo`yicha izoh berdi.

«Bu jinoiy guruh yil davomida maqsadli ravishda tarafdorlarni to`plab, mamlakat bo`ylab eng norozi kayfiyatdagi fuqarolarni o`z safiga qo`shgan. Tashkilotchi va “mafkuraviy ilhomlantiruvchi” 64 yoshli jamoatchilik faoli, “Eldik Kenesh” partiyasi rahbari R. Nurmatova rahbarligida hokimiyatni zo`rlik bilan egallab olish rejalarini muhokama qilish  uchun yig`ilishlar muntazam o`tkazib kelingan», — dedi Qirg`iziston davlat xavfsizlik qo`mitasi.

Aniqlik kiritilishicha, ushbu uyushgan guruhga respublikaning barcha hududlaridan jamiyatning 100 nafardan ortiq turli soha vakillari jalb qilingan.

«Yaqin kelajakda tashkiliy masalalarni moliyalashtirish va asosiy etakchilarga maosh to`lash uchun xorijiy manbalardan mablag` olinishi kutilayotgani haqida ma`lumotlar bor. Fitnachilar jamiyatda har qanday voqea yuzasidan norozilik paydo bo`lganidan so`ng, darhol o`zlarining jinoiy rejalarini amalga oshirishning faol bosqichini boshlashni niyat qilgan», — deyiladi xabarda.

Qo`shimcha qilinishicha, hozirda barcha qo`lga olinganlar Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Eslatib o`tamiz, 2020 yilning oktyabr oyida Bishkek shahrida parlament saylovlari natijalariga qarshi bo`lganlarning norozilik namoyishlari boshlanib, mamalakat prezidentini almashtirish bilan yakunlangan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар