Ichki ishlar vazirligi Prokuratura aralashganidan so`ng aybini tan oldi

06.06.2023 13:09

Bu safar tergov xonasida vofot etgan marhumga "xudo urgan" tamg`asi bosilmadi.

Joriy yil 4 iyun kuni Toshkent viloyati Bo`ka tumani IIBda tergovga jalb qilingan fuqaro vafot etgan edi.
Bu haqida Ichki ishlar vazirligi Rasmiy axborot ham berdi.

"Joriy yilning 4 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko`ra, Toshkent viloyati Bo`ka tumani hududida bir qator o`g`irlik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, JKning 169-moddasi 3-qismi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 1987 yilda tug`ilgan U.S. himoyachisi X.Yuldasheva ishtirokida Bo`ka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga to`liq yozib olingan holda so`roq qilingan.

Gumonlanuvchi U.S. soat 19.00 da JPKning 227-moddasi bilan prosessual tartibda ushlangan va Bo`ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan.

Shu kuni soat 23.30 larda gumonlanuvchi U.S.ning sog`lig`i yomonlashganligi sababli tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan", deyiladi IIV Rasmiy axborotining boshida.

Ushbu IIBdagi o`lim holati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketganidan so`ng gumonlanuvchi o`limi bilan bog`liq mazkur ishga Toshkent viloyat prokuraturasi aralashadi. Shundan so`ng vaziyat butunlay boshqacha tus olgan.

IIV vazir o`rinbosarlaridan biri Ya. Abdulxakov ham vazirlik binosidan chiqib, Bo`ka tuman IIBga borib vaziyatni o`rgangan. Navbatdagi IIB xodimlari bilan bog`liq mazkur o`lim holati jiddiy nazoratga olinishi bejizga emas. Undan 5 kun oldin Chilonzor tuman IIBga tergovga jalb qilingan 21 yoshli bolaning ham o`ligi ota-onasiga qaytarilgan edi.

IIV Rasmiy axoborotining boshidagi jumlalariga ishonadigan bo`lsak, Toshkent viloyati Bo`ka tuman IIB tomonidan "hammasi qonuniy bo`lgan, gumonlanuvchi sog`ligidagi nuqsonlari bilan o`zi vafot etdi" degan xulosa taqdim etishgan.

Ijtimoiy tarmoqlar qistovi bilan navbatdagi o`lim holatiga prokuratura aralashganidan so`ng, vazirlik xodimlarining xatolarini tan olgan. Rasmiy axborotning davomida ham tan olingan jumlalarni o`qish mumkin:

"Aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22.00 larda gumonlanuvchi U.S. Bo`ka tumani Jinoyat qidiruv bo`limining tezkor xodimlari tomonidan prosessual tartib buzilgan tarzda maxsus so`rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo`yicha surishtiruv o`tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog`lig`i yomonlashib, keyinchalik o`limi yuz bergan.

Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko`ra U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan", deyiladi vazirlik Rasmiy axborotining davomida.

«Marhumda ko`krak qafasi chap tomonlama 5-qovurg`aning to`sh sohasiga birikib, yopiq sinishi, atrof to`qimalariga qon quyilishi, qorin parda osti, ingichka ichak va ichak tutqichlariga ko`p miqdorda qon quyilishlari, bo`yinning qalqonsimon tog`ay va til osti suyagi sohalari to`qimalariga qon quyilishi kabi jarohatlar aniqlangan», – deyiladi Kun.uz’ga taqdim qilingan ma`lumotda.

Ushbu gumonlanuvchining o`limi bilan bog`liq ish bo`yicha Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan JKning 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, voqeaga aloqador bo`lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan.

Shuningdek, Bo`ka tumani IIB boshlig`i A.Babaxanov, uning birinchi o`rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo`limi rahbari J.Subanov, tergov bo`limi boshlig`i J.Achilov va navbatchilik qismi mas`uli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
26
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар