Madaniyat vazirining yashirin “biznesi” aniqlangach, u o`g`lining nomiga o`tkazildi.
Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov 2016 yilda tashkil etilgan «Koba San'at majmuasi» MChJga yaqin-yaqingacha 100 foizlik ulush bilan ta`sischi bo`lib kelgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vaziyatni o`rganib, vazirlikka taqdimnoma kiritgan. Unga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 595-sonli qaror bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to`lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug`ullanmasligi, O`zbekiston Respublikasi qonunlari va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasnoligi belgilangan. Taqdimnomadan so`ng, yuqoridagi qonunchilikka nomuvofiqlik bartaraf etilib, MChJning ta`sischisi Ozodbek Nazarbekovdan uning o`g`li J. Nazarbekovga o`zgartirildi.
Ma`lumot uchun, “Koba san`at majmuasi” ovqatlanish tashkil qilishning boshqa turlari bilan shug`ullanadi.
2021 yil boshida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev "J-United Group" kompaniyasining 100 foiz ulushi egasi ekaniga e`tibor qaratilib, amaldagi davlat mansabdori ayni vaqtda xususiy biznesga egalik qilishi qanchalik to`g`ri deb savol qo`yilgandi. O`shanda Adliya vazirligi davlat organlari mansabdorlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish taqiqlangani, lekin tijorat tashkilotlarining ulushi (aksiyasi)ga egalik qilish tadbirkorlik faoliyati hisoblanmasligi, amaldagi qonunchilikda mansabdorning tijorat tashkilotlarida ulush (aksiya)larga egalik qilishi (yoki muassis bo`lishi)ga to`g`ridan-to`g`ri taqiq yo`qligini ma`lum qilgandi.
Lekin amaldorlarning tadbirkorlik sub`ektlarida, xususan, muassis bo`lishini ham taqiqlovchi “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi qonunga ko`ra, "Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi shaxs davlat xizmatiga qabul qilingandan keyin tadbirkorlik faoliyatini to`xtatib turish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi" deyilgan edi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Madaniyat vazirligiga kiritgan taqdimnomada yuqoridagi holat bo`yicha vazirlik tizimida korrupsion holatlarga yo`l qo`yilmasligi va shaffoflikni ta`minlash ham belgilangan.