Nukusdagi «Muruvvat» uyida bir kun

30.05.2023 20:49

Nukusdagi «Muruvvat» nogironlar uchun xotin-qizlar internat uyida 250 nafar xotin-qiz yashaydi. Ko`pining salomatligi tiklanishida individual davo-tekshiruv zarur. Ayrimlarining boquvchisi yo`q, yolg`iz. 

Bu erda Toshkent, Navoiy, Qo`ng`irot, Urganch, Mang`it, Nukusdan kelgan, yaqin qarindoshlari parvarish qilishga imkonsiz bo`lgan, ixtisoslashgan davolanishga va doimiy tibbiy nazoratga muhtoj ayollar istiqomat qiladi.

Muolaja – ishimizning bir qismi. Mustaqil harakatlanadigan va o`zini eplay oladiganlarning sevimli mashg`uloti bor, — deydi internat uyi direktori Lidiya Romanovna Kim, – Kimdir rasm chizadi, boshqasi matolarga surat solib, so`zanalar tikadi, ayrimlari gul o`stiradi, yana kimdir shaxmat o`ynaydi, navbatdagi konsert dasturini tayyorlaydi.

«Muruvvat» uyining devorlari shu erdagilar yasagan buyumlar bilan bezatilgan. Ustaxonalardagi javonlar hunarmand ayollar tayyorlagan buyumlar, to`qilgan quyon, loy va qog`ozdan yasalgan qasrlar, qorbobo va matryoshkalar, munchoq daraxtlar, gullar bilan to`la.
 
Prezident qaroriga ko`ra, 2022 yildan «Muruvvat» va «Saxovat» internat uylari hamda urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati O`zbekiston Davlat bojxona qo`mitasiga biriktirildi. Davlat bojxona qo`mitasi tibbiy-ijtimoiy xizmat ko`rsatish borasida  Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga doimiy ravishda ko`maklashadi.

«Muruvvat» uyining qo`li gul hunarmandi Mavluda Chashimova juda go`zal kashtalar yaratadi. Mehnat ustozi Lyudmila Yusupova esa besh yil oldin maktab-internatga kelgan. Ma`lumoti bo`yicha iqtisodchi bo`lsa ham, mutaxassisligi bo`yicha ishlashdan ko`ra muhtojlarga yordam berishni afzal ko`rgan. O`n yilcha qaynonasini parvarishlagan Lyudmila suyanchig`i vafot etgach, shu erda ishlashga qaror qildi.

Yaqindan boshlab bu erda neyrografika usulini qo`llashni boshlashgan, bundan psixiatr Lola Keruenova rasm muallifini nima tashvishga solayotganini «o`qiydi», xulosalar chiqaradi va keyin ularning har biriga alohida yordam beradi. Shundan so`ng davolanish va reabilitasiya qanchalik samarali bo`lganini aniqlash uchun yana bir rasm chizish vazifasi beriladi. Bu tajribani o`rganish uchun O`zbekistonning barcha hududlaridagi «Muruvvat» va «Saxovat» uylaridagi mutaxassislar kelishmoqda.
Internat uyining 250 nafar yashovchisiga 160 nafar xodim g`amxo`rlik qiladi.

Internat uyi yangi binoga 2017 yili Prezident Shavkat Mirziyoevning Qoraqalpog`istonga tashrifi davomida internat uyi bilan tanishganidan keyin ko`chib o`tgan. Ungacha muassasa Xo`jayli tumanida bo`lib, abgor ahvolda edi. Prezident topshirig`i bilan Nukus shahrida yangi majmua qurildi.

Ikki o`rinli palata, televizorli xol, yuvinish xonalari, oshxona, ustaxona, majlislar zali – barchasi mukammal va toza saqlanmoqda. Bunda o`rta bo`g`in tibbiyot xodimlarining xizmati katta. Ular, shuningdek, barcha istiqomat qiluvchilarning gigienasiga e`tibor berish – ularning dush qabul qilishiga, kiyim almashtirishiga ko`maklashish, to`shaklarni almashtirish kabi vazifalar bilan ham shug`ullanadi. 
Oygul Alimbetova internat uyiga ishga kelganiga 30 yildan oshdi, uning mehnat daftarchasida faqat bitta ish joyi ko`rsatilgan. Umrining ko`p yillarini internatga bag`ishlagan. 

Nina Andrianova 11 yildan beri shu erda yashaydi. Nina ayni kunlarda dugonalarining portretlarini chizadi, kundaliklariga dunyoda sodir bo`layotgan muhim tarixiy voqealarni qayd qiladi. Yangi asarlar chizishga ilhom beradigan muzeylarga borishni yaxshi ko`radi. Anar Rizaeva esa juda ko`p she`rni yoddan biladi. Tadbirlarda bajonidil qatnashib, sahnada she`rlar o`qiydi. Internat kutubxonasiga kelgan yangi kitobni birinchilardan bo`lib o`qiydi. Kutubxonada 4 tilda 2000 dan ortiq turli nashr mavjud bo`lib, uning fondi doimiy ravishda to`ldirib boriladi.

                                                                                                         Alena Aminova

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар