Ikki davlat o`rtasidagi ziddiyat suv bo`yicha keskinlik fonida sodir bo`ldi.
Tolibon vakili va Eron davlat matbuotiga tayanib, Reutersʼning yozishicha, Eron va Afg`oniston o`rtasidagi chegara posti yaqinida sodir bo`lgan otishmada ikki eronlik chegarachi va bir Tolibon jangchisi halok bo`lgan.
Sputnikʼning biroz oldin bergan xabarida Eron tarafdan bir nafar harbiy halok bo`lgani va ikki chegarachi jarohat olgani rasman tasdiqlangan. Tolibon tomoni esa, 10 kishigacha yaralangan, 2 nafar o`ldirilganlarning suratini e`lon qildi.
Ikki davlat o`rtasidagi ziddiyat suv bo`yicha keskinlik fonida sodir bo`ldi.
Eron Tolibonni Hilmand daryosidan Eronning qurib qolgan sharqiy hududlariga suv oqimini cheklab, 1973 yilda tuzilgan shartnomani buzganlikda aybladi, bu ayblovni Tolibon rad etdi.
Shanba kuni Eronning rasmiy IRNA axborot agentligi “ikki eronlik chegarachi halok bo`lganini va ikki nafar Eron fuqarosi yaralanganini" ma`lum qilgan.
Tolibon mudofaa vazirligi matbuot kotibi Enayatulloh Xovarazmiy aytishicha, bugun yana Nimroz viloyati Kong tumanining chegara hududlarida Eron askarlari tomonidan otishma yuz bergach mojaro boshlangan.
May oyi boshida Eron prezidenti Ibrohim Raisi Tolibonni Eronning 1973 yilgi shartnomaga ko`ra, suvga bo`lgan huquqlarini mensimaslik haqida ogohlantirgan edi. Tolibon esa Raisi tomonidan taxmin qilingan tahdidni rad etgan.