Rost24.uz mohir qimorboz bilan suhbat qildi.
Suhbatdoshimiz 72 yoshli Erkin Uraimov. U Andijon viloyatida tug`ilgan. Hozirda poytaxtda savdo bilan shug`ullanadi. Qimordan ketganiga bir yil bo`lgan ekan.
15 yoshidan qimorni o`ziga kasb qilgan Erkin aka qimorning “Narda” va “Karta” o`yinlarida biron marta yutqazmaganini aytadi.
— Tirikchiligim shu edi. “Narda”dan eng ko`p yutganim — 57 ming dollar bo`lgan. “Karta”dan esa 200 ming dollardan ko`proq» — deydi u.
Erkin aka 16 yoshida Rossiyaga borib, Moskva va Leningrad shaharlaridagi kazinolarda karta tarqatuvchi bo`lib ishga kiradi. U erda karta tarqatish sirlarini o`rganib, 17 yil ishlaydi. Shu tarzda qimor olamiga kirib keladi.
— Kazinoda “karta” tarqatuvchilarning alohida vazifalari ham bo`ladi. Ya`ni o`yinchilardan kim yutishi kerak bo`lsa, shunga karta tarqatish vaqtida yutuqni chiqarib berishingiz kerak. Buning uchun tarqatuvchilar tayyorgarlikdan o`tadi, o`zlari ham kuniga 5-6 soatlab shug`ullanadi. Agarda, katta o`yinlarda topshiriqni bajara olmasangiz, kechirishmaydi, ikki qo`lini kesib tashlashadi. Ikkitasini ikki qo`lini kesishganini ko`tganman. Shuning uchun, tarqatuvchi kameralarni ham chetlab o`tib, yutuqni chiqarib berishga harakat qiladi», — deya kazinodagi o`tmishini eslaydi u.
Qimorning mazmun-mohiyati g`irromlik ekaniga ishora qilgan qahramonimiz shunday deydi:
— Har bir o`yinchining qo`lida hunari bo`ladi. Mohir o`yinchilar bir biriga qarshi o`ynamaydi. Ba`zida, ulfatlar halol o`ynaymiz deb o`tirishadi. Bunday o`yinlarda yutuvchi bo`lmaydi, yutuq aylanib yuraveradi. Agar, ularning davrasiga qo`lida hunari bor o`yinchi qo`shilib qolsa, hammasining pulini yig`ib ketadi», — deya tushuntiradi Erkin aka.
Qimordan boy bo`lib ketgan odamni ko`rmadim — 50 yillik xulosalari bilan ham o`rtoqlashgan Erkin aka qimordagi bir umumiylikka to`xtaldi:
— Qimorda bir umumiylik bor. Katta mablag` yutasiz, katta harajat, o`yin-kulgi qilasiz. 10-15 kun, ko`pi bir yarim oydan so`ng yana o`yin axtarishni boshlaysiz. Topganingizdan esa hech narsa orttira olmaysiz, o`rtada umr o`taveradi», — dedi u.
— Umrim davomida katta-katta pullar yutdim, lekin “birim ikki bo`lmadi”. Hech yo`qsa, ellik yoshimda halol pul topishni boshlaganimda, oilamni, baxtimni saqlab qolarkanman. Hozir 72 yoshda bo`lsam, qimordan aloqani uzganimga bir yil bo`ldi. Shuncha umrim o`tib ketganiga afsusdaman», — Erkin Uraimov.
Suhbatni video shaklini tomosha qiling: