Statistika agentligi ma`lumotlariga ko`ra, 2022 yilda O`zbekiston hududida 105 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan. Bularning eng ko`pi iqtisodiyot asoslariga qarshi, xo`jalik faoliyati sohasidagi, boshqaruv organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar bo`lib, 30 ming 736 ta holat kuzatilgan.
Ushbu hisobotda hududlar kesimida jami 105 215 ta jinoyat sodir etilgani ko`rsatilgan. E`tibor bersak, birinchi o`rinni Toshkent shahri egallaydi. 2022 yilda Toshkent sharining o`zida 22 ming 791 ta jinoyat holati ro`yxatga olingan. Bu ko`rsatkich, 2018 yilda 15 643 taga kamroq bo`lgan. Agar, 2022 yilda sodir etilgan jinoyatlarni Toshkent viloyatidagi holatlar bilan qo`shib hisoblasak, jami 35 ming 50 ta jinoyat holati kelib chiqadi (Ma`lumot uchun, Toshkent viloyatida 2018 yilda sodir etilgan jinoyatlar soni o`tgan yilgiga nisbatan qariyib teng baravar kamroq bo`lgan).
«Jinoyat poytaxti»dan keyingi o`rindagi hududlarga diqqat qilsak, 2022 yilda Farg`ona viloyati 15 ming 182 ta jinoyat holati bilan ikkinchi o`rinni band qilgan. 2018 yilda viloyatda yuqoridagi holatlardan 9 820 taga kamroq jinoyat kuzatilgan.
Bu hisobotda jinoyat turlari bo`yicha ro`yxat keltirilgan. Unda iqtisodiyot asoslariga qarshi, xo`jalik faoliyati sohasidagi, boshqaruv organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar, shuningdek, o`g`rilik va firibgarlik jinoyatlari boshqa tur jinoyatlarga nisbatan anchayin yuqoriligini ko`rish mumkin.
Masalan, o`g`irlik jinoyatlari 2018 yilda 7 850 ta qayd qilingan bo`lsa, 2021 yilga kelib o`g`irliklar holati qariyb 20 mingga etgan. 2021 yilga kelib esa, 15 ming 237 taga pasaygan.
Firibgarlik jinoyatlarida ham biroz ijobiy tomonga o`zgarish bo`lganini keltirilgan. Firibgarlik — 2018 yilda 6 483 ta holatda sodir etilgan bo`lsa, 2021 yilda 24 yarim mingdan oshib ketgan. 2022 yilga kelib esa 3 963 taga qisqargan.
Ushbu hisobotda jinoyat sodir etgan shaxslarning yoshi bo`yicha besh yillik tahlil ko`rsatilgan. Unda 13-15 yoshdagi bolalar ham jinoyat sodir qilgani va ular bilan bog`liq holatlar yildan yilga ortib borayotgani ko`rinadi. Masalan, bu yoshdagilar o`rtasida kuzatilgan jinoyatlar — 2018 yilda 179 ta qayd qilingan bo`lsa, 2021 yilda 444 taga, 2022 yilda esa 678 taga etgan.
Shuningdek, 18-24 yoshdagi o`smirlar o`rtasidagi jinoyatlar ham yildan yilga ortgani keltirilgan. Bu yoshdagilar bilan bog`liq jinoyatlar — 2018 yilda 8009 ta qayd qilingan bo`lsa, 2022 yilda 12 ming 728 ta sodir etilgan. Shu bilan birga, 25 va 30 yoshdagi shaxslar o`rtasidagi jinoyatlar 2018 yilda 9702 ta kuzatilgan bo`lsa, 2022 yilda 17 ming 550 taga ko`tarilgan.
Statistika agentligining qayd etishicha, O`zbekiston hududida eng ko`p jinoyatlar 31 va undan katta yoshdagilar o`rtasida kuzatiladi. Misol uchun, mazkur yoshdagilar o`rtasida 2018 yilda 32 ming 964 ta jinoyat holatlari qayd qilingan bo`lsa, 2022 yilda 56 ming 779 taga ortib ketgan.