AOKA endi Konstitusiya monopoliyasidan voz kechadimi?
“Monopol faoliyat qonun bilan
tartibga solinadi va cheklanadi”
yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 67-moddasi
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi yozilgan kitoblarni ko`zdan kechirsangiz, uning bosib chiqarilishi faqat birgina nashrga tegishli ekanligiga guvoh bo`lasiz.
Har birining oxirgi betiga faqat “O`zbekiston” nashriyoti” yorlig`i bosilishi e`tiborimizni tortdi. Bir necha xususiy nashriyotlar bilan bog`lanib qilgan surishtiruvlarimiz esa shubha-gumonlar bejiz emasligini isbotladi. Ya`ni, xususiy nashriyotlarning ma`lum qilishicha, Konstitusiyani bosib chiqarish qonun bilan ma`n etilgan ekan. Hattoki, O`zbekistondagi mavjud nashriyotlarning barchasiga Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan Konstitusiyani chiqarmaslik haqida maxsus Ogohlantirish xati ham jo`natilgan.
AOKA tomonidan 2021 yilning noyabr oyida noshirlik faoliyatini yurituvchi tadbirkorlik sub`ektlariga jo`natilgan 06-4400 raqamli xatda quyidagi so`zlar bilan cheklov belgilangan:
“Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining va Oliy Majlis Senati Kengashining 2017 yil 30 avgustda qabul qilingan 1069-III/KQ-231-III-son qo`shma qaroriga muvofiq O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasini qayta nashr qilish va ko`p nusxada chop etish Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi hamda Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo`yilgan”.
Qonun ijodkorlarining “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasini qayta nashr qilish bo`yicha komissiya to`g`risida”gi Qo`shma qarori 2017 yil 30 avgustda qabul qilingan.
Ushbu sanadan 4 yil o`tib, 2021 yil 21 noyabrda qabul qilingan “Noshirlik faoliyati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 5-moddasida esa shunday deyiladi:
"Noshirlik faoliyati sub`ektlari o`z faoliyatida, shu jumladan mavzuni, ixtisoslashuvini, ishlab chiqarish kooperasiyasini aniqlashda, mualliflarni tanlashda, adadni, noshirlik mahsulotining narxlarini belgilashda, o`zaro aloqalarning, ishlab chiqaruvchilar va etkazib beruvchilar, shuningdek boshqa tashkilotlar bilan aloqalarning shakllarini belgilashda mustaqildir".
Mazkur qonunda nashriyotlarni qonun doirasida ishlashi uchun me`yorlar ham belgilangan. Ammo unda ham Konstitusiya nashrini taqiqlovchi so`zlar yo`q. Qonunning 8-moddasida taqiqlangan yo`nalishlar birma-bir sanab o`tilgan. Misol uchun, konstitusiyaviy o`zgartirishga, ommaviy tartibsizliklarga doir da`vat, yolg`on axborot va davlat sirlarini tarqatish kabi foaliyatlar taqiqlanishi sanab o`tilgan. Ammo taqiqlangan yo`nalishlar qatoridan Konstitusiyani nashr qilishni cheklash topilmadi.
Ushbu holatning sababini aniqlash uchun AOKA matbuot xizmati bilan telefon orqali bog`landik. Matbuot xizmati esa xat orqali murojaat qilishmizni va xat orqali javob olishimizni eslatib qo`ydi. “Bu cheklov bekor bo`lgan” degan ma`lumotni ham bera olmadi (Shu o`rinda, aslida bu tashkilot jurnalistlarning oldidagi qog`ozbozlik va byurokratik to`siqlarga qarshi kurashish uchun tashkil etilmaganmidi, degan savol ham paydo bo`ladi).
Surishtiruvlarimiz natijasida ba`zi bir ma`lumotlar aniqlandi. Shu vaqtgacha Konstitusiya kitoblarini nashr qilish Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi va Adliya vazirligi tomonidan “O`zbekiston” nashriyotida nashr qilinishi belgilangan.
Ma`lumot uchun, Prezidentning 2020 yil 16 martdagi PQ-4640-son qarori asosida “O`zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti hamda Cho`lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi birlashtirilib, ularning negizida Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining “O`zbekiston” nashriyoti davlat unitar korxonasi tashkil etilgan edi.
Demak, Konstitusiya ham katta ehtimol bilan agentlik tasarrufidagi “O`zbekiston” nashriyoti tomonidan nashr qilinadi. 30 aprel kuni tasdiqlangan yangi tahrirdagi konstitusiyaga esa monopoliyaga oid alohida band kiritildi. “Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi” deyildi 67-moddada. Monopoliyaning cheklanishi Konstitusiyada belgilab qo`yildi. Ushbu modda Konstitusiyaning nashr qilinishiga ham ta`sir qiladimi? Bu savolga mas`ullardan javob kutamiz.