Poytaxtni yashab bo`lmaydigan darajaga aylantirish davom etmoqda

06.05.2023 07:18

“Tadbirkor” maqomi Davlat dasturi va Prezident e`lon qilgan moratoriydan ham ustunmi?

Rost24 saytiga kelib tushgan shikoyatga ko`ra, Toshkent shahri, Yangihayot tumani, 2-qurilish hududi, “Yangi Umid” MFY 84-uy hududida noqonuniy qurilishlar yana boshlangan ekan.

Ma`lum bo`lishicha, ushbu ko`p qavatli uyga tegishli yashil hudud va bolalar maydonchasida hozirda noqonuniy tarzda qurilish ishlari boshlab yuborilgan. 

“O`zlarini “davlat xodimlari” deb tanishtirishgan shaxslar hududda sport majmuasi qurishlarini bildirishgan. Ammo bu“davlat xodimlari” haligacha biror bir qonuniy hujjat taqdim etishmagan. Mazkur qurilishlarning noqonuniyligini bilgan mas`ullar bu ma`lumotlar hech qaerga chiqib ketmasligi uchun fuqarolarni imkon qadar “tinchitishga” harakat qilishmoqda”, - deydi 84-uyda yashovchi fuqarolar.

Xolbuki, mazkur hududdagi 2 sotix mayon ikkita ko`p qavatli uy o`rtasidagi yashil hudud qilish rejalashtirilgan joy bo`lib, qurilish qilish shaharsozlik qoidalariga mutlaqo zid bo`lgan, qolaversa uy qurilishida yashil hudud va bolalar maydonchasi sifatida loyihaga kiritilgan va uyga qo`shib uy egalariga sotilgan, sug`orish tizimi (poliv) o`tkazilgan, ammo nima sababdandir haligacha suv o`tkazilmagan.

Hozirda ikkita ko`p qavatli uy orasidagi mazkur hudud o`rab olingan va u erda qazish ishlari boshlab yuborilgan.

Davlat rahbarining shaxsan tashabbusiga ko`ra qabul qilingan “Yashil makon” davlat Dasturi va joriy yilning 16 fevral kuni Prezident tomonidan qattiq tanqid ostiga olingan Toshkent shahridagi rejasiz qurilayotgan uylar va noturar joylar to`g`risidagi gaplar Yangihayot tumaniga tegishli emasmi? 

Biz mazkur maqolani tayyorlash jarayonida quruvchi mutaxassislarga murojaat qildik, hududga borib o`rgandik va mutaxassislar asoslariga ko`ra, mazkur qurilish shaharsozlik qoidalari nizomiga mutlaqo zid deb topdik. 

Xususan, mazkur qoidalarga ko`ra, 9 qavat va undan baland bo`lgan uylarning orasidagi ochiq maydon 40-45 metrdan kam bo`lmasligi kerak, sport majmuasi deb atalayotgan bino esa, aynan ushbu ochiq qolishi shart bo`lgan maydonga qurilmoqda, sug`orish tizimi qazib olib tashlangan. 

Prezident Shavkat Mirziyoev 2023 yilning fevral oyi boshida poytaxtda bosh reja tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e`lon qilinishini ta`kidlagan edi. Aholining ma`lum qilishicha, hudud yanvar oyi o`rtalarida o`rab olingan, davlat rahbari moratoriy haqida gapirgan ma`ruzadan bir kun o`tib, bu erda darhol katlavan qazish ishlari boshlab yuborilgan. Ayni paytda mazkur maydonda qurilish ishlari davom etmoqda, bolalar esa o`zlarining o`yin maydonchalaridan deyarli mahrum bo`lishgan.

Mazkur muammo nafaqat shu atrofda yashayotgan fuqarolarning, hattoki, yangi tashkil bo`lgan Tabiat resurslari vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligiga ham bevosita taalluqli hisoblanadi.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
14
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар