Odamlar pullarim ishonchli tursin, biroz jamg`arilsin, degan niyatda bankka omonat qo`yishadi. Aslida omonat qo`yish uchun ham ishonchli bank kerak. Biroq pulingni ishonib maqtalgan bankka olib borsangu, undagi xodimlar senga bu mablag`larning qaerga ketgani noma`lum, deya javob bersa... Bu tizimga ishonch qoladimi?
Xorazm viloyati Shovot tumani «Bog`bon» mahallasida yashovchi fuqaro R.N tuman Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaatda bayon etilishicha, fuqaro 2021 yilning 25 yanvarida onlayn tarzda omonat puli qo`yish uchun Shovot tumanida joylashgan "Mikrokreditbank"ga borgan va bank xodimi onlayn tarzda fuqaroning omonat pulini qabul qilgan. Oradan bir yil o`tib, ya`ni 2022 yilning fevral oyida murojaatchi omonatga qo`yilgan pullarini so`raganda bank xodimlari pullar bank kompyuteriga tushgani, lekin qaerga ketgani noma`lum ekanini aytishgan.
Hayriyatki, Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o`rganish ishlari o`tkazilib, bank rahbariyatiga amaldagi qonun talablari tushuntirildi. Natijada, omonat pullari iste`molchiga qaytarib berildi. Ammo "Mikrokreditbank"ga nisbatan ishonch o`ldi.